AQSH O‘zbekiston kompaniyasini “qora ro‘yxat”ga kiritdi

Jamiyat

image

AQSH Moliya vazirligining Tashqi aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) O‘zbekistondagi Datavice kompaniyasi va yana bir qator tashkilotlarni Rossiyaning IT-sektori bilan aloqadorlikda ayblab, “qora ro‘yxat”ga kiritdi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi saytida xabar berildi.

Kecha, 19 noyabr kuni Amerika hukumati kiberhujumlarda ishtirok etgan va amal qilayotgan cheklovlarni chetlab o‘tishda yordam bergan kompaniyalar va jismoniy shaxslarga nisbatan yangi sanksiyalarni tasdiqlagan. Bu qaror Amerika "dushmanlariga" sanksiyalar orqali qarshi turish (CAATSA) qonuni va Ukraina hududidagi harakatlarga javoban joriy etilgan choralar doirasida qabul qilingan. Cheklovlarning asosiy maqsadi – raqamli texnologiyalar yordamida sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish.

Joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan Datavice kompaniyasi 31 iyuldan buyon IT-Park rezidenti hisoblanadi. Orginfo ma’lumotlariga ko‘ra, Maksim Makarov kompaniya ta’sischisi, rahbari va bosh hisobchisi sifatida qayd etilgan. Korxonaning ustav fondi 24 million so‘mni tashkil qiladi.

Sanksiya qo‘llanilgan shaxs va korxonalarning AQSH yurisdiksiyasidagi barcha aktivlari bloklanadi. Ularga nisbatan har qanday moliyaviy operatsiyalar taqiqlanadi, bu talabni buzganlarga esa ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.

Yangilangan ro‘yxatga o‘zbekistondagi Datavice bilan birga quyidagi kompaniyalar ham kiritilgan: Media Land (Rossiya), ML.Cloud (Rossiya), Kirishi  (Rossiya), Media Land Technology ( Rossiya), Hypercore ( Buyuk Britaniya), Smart Digital Ideas Doo Cyber4 ( Serbiya).

Shuningdek, ushbu tashkilotlar bilan bog‘liq besh nafar rossiyalik fuqaro ham cheklovlar ostiga olingan. Vashington texnologik sektor harbiy maqsadlar va xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilayotganini ta’kidlab, bosimni davom ettirishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, bungacha Yevropa Ittifoqi ham 19-paket sanksiyalar doirasida o‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minovni ro‘yxatga kiritgan edi. Bryussel uni Rossiya porox zavodlariga Farg‘ona kimyo zavodidan paxta sellyulozasi yetkazib berilishiga aloqadorlikda ayblamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh sanktsiya qora ro'yxat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing