AQSH O‘zbekiston kompaniyasiga sanksiya kiritdi
Olam
−
29 iyun 2022
32149AQSH Savdo vazirligi to‘qqiz mamlakatning 36 kompaniyasini Rossiya harbiy va mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Ular orasida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan “Promcomplektlogistic” xususiy korxonsi ham bor.
“Qora ro‘yxat”ga tushgan 36 ta kompaniyaning 25 tasi Xitoyda, qolganlari Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Litva, Pokiston, Singapur, Buyuk Britaniya, O‘zbekiston va Vetnamda joylashgan.
O‘zbekiston kompaniyasi joriy yilning 3 martida sanksiyalar ostida qolgan Rossiya mudofaa sanoati ta’minotchisi — “Radiavtomatika”ga sanksiyalardan qochishga yordam bergani, xususan, unga mikrochiplar yetkazib bergani uchun “qora ro‘yxat”ga kiritilgan.
“O‘zbekiston kompaniyasi mulki va mulkiy manfaatlari bloklangan yuridik shaxs “Radiavtomatika” kompaniyasiga moddiy yordam ko‘rsatgan, homiylik qilgan yoki moliyaviy, moddiy va texnologik yordam, tovarlar yoki xizmatlar ko‘rsatgani uchun cheklovlarga duch keldi”, deyiladi tegishli hujjatda.
Shunday qilib, “qora ro‘yxat”ga kiritilgan yuridik shaxslarning AQSHdagi barcha aktivlari muzlatilgan. AQSH kompaniyalariga “Promcomplektlogistic” bilan biznes qilish taqiqlangan. Endi ularga mahsulot yoki xizmatlar yetkazib berishni xohlovchi Amerika kompaniyalari mamlakat Savdo vazirligidan maxsus litsenziya olishi kerak.
Ma’lumot uchun, “Promcomplektlogistic” kompaniyasi 2018 yilda tashkil etilgan. Ustav kapitali 10 million so‘m. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniya logistika bilan shug‘ullanadi. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, korxonaning 100 foiz ulushi Oleg Grabilinga tegishli. U Rossiyadagi yana bir nechta kompaniyalarga ega.
LiveBarchasi