AQSH o‘z razvedkasining Isroil tomonidan tinch aholini nishonga olish uchun ishlatilishidan xavotirda – WSJ 

Olam

image

Vashington Isroil AQSH tomonidan taqdim etilgan razvedka ma’lumotlaridan tinch aholi o‘limiga olib keladigan va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazuvchi zarbalar berish uchun foydalanishi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda kecha, 30 mart kuni manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida razvedka ma’lumotlari almashinuvini oshiruvchi maxfiy memorandum 2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumidan ko‘p o‘tmay tuzilgan. Bu kelishuv Kongressdagi Demokratik partiya vakillari va huquq himoyachilari orasida tobora ko‘proq savollar tug‘dirmoqda.

"Meni tashvishga soladigan narsa shundaki, razvedka ma’lumotlarini almashish bizning qadriyatlarimiz va milliy xavfsizlik manfaatlarimizga mos keladimi yoki yo‘q?" deydi nashrga Vakillar palatasi a’zosi Jeyson Krou.

Dekabr oyida u AQSH Milliy razvedkasi direktori Evril Xeynsdan mamlakatlar o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi haqida batafsil ma’lumot berishni talab qildi. Kongressmenning qayd etishicha, u almashinuv “AQSH manfaatlarini ilgari surmasligi”dan xavotirda.

Krouning qo‘shimcha qilishicha, u Isroilning yuqori martabali harbiylari va AQSH razvedka xodimlari bilan uchrashgan va ularning hisobotlarida tinch aholi qurbonlari soni bo‘yicha “juda jiddiy tafovutlar” borligini aniqlagan.

Shu bilan birga, AQSH ma’muriyatining nomi oshkor etilmagan rasmiylari WSJ’ga AQSH Isroilga HAMAS harbiy yetakchilari va garovga olinganlarni topishda, shuningdek, Isroil chegaralarini kuzatishda yordam berayotganini, biroq G‘azo sektoridagi quruqlik yoki havo operatsiyalari uchun bevosita mo‘ljallangan razvedka ma’lumotlarini baham ko‘rmayotganini aytgan. Nashr suhbatdoshlari ta’kidlashicha, memorandum shartlariga ko‘ra, Isroil Qo‘shma Shtatlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlardan tinch aholi va infratuzilmaga zarar yetkazish uchun foydalanishning oldini olishga majbur.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing