AQSH urushdan keyin Ukrainaga yordam beradi
Olam
−
27 avgust 2729 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari urush tugaganidan so‘ng Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari doirasida yordam ko‘rsatishga tayyor. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatlar urush tugaganidan keyin razvedka va havo mudofaasi bo‘yicha hamkorlik qiladi, biroq AQSH o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yubormaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa rahbarlariga mamlakati Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashda ishtirok etishini bildirgan. Shundan so‘ng AQSH rasmiylari Yevropaga razvedka, kuzatuv, boshqaruv hamda havo mudofaasi vositalarini taklif qilgan.
AQSH allaqachon Ukrainaga Patriot havo mudofaasi tizimlarini yetkazib bergan. Urushdan keyingi yordam tarkibiga Amerika samolyotlari, logistika, yer usti radar tizimlari ham kiritilishi mumkin. Bu Yevropa kuchlariga Ukrainani havo hujumlaridan himoya qilish imkonini beradi.
Xabarda aytilishicha, AQSHning razvedka va boshqaruvi kelajakdagi tinchlik bitimi sharoitida o‘t ochishni nazorat qilish va Yevropa kuchlari faoliyatini muvofiqlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Biroq, AQSH rasmiylarining ta’kidlashicha, bu taklif faqat Yevropa davlatlari Ukrainada o‘n minglab askar joylashtirishga rozilik bildirsa kuchga kiradi. Ayrim rasmiylarning ogohlantirishicha, Vashington bu taklifni istalgan payt qaytarib olishi mumkin.
G‘arb ittifoqchilari ishlab chiqqan dastlabki rejaga ko‘ra, Ukraina uch bosqichli mudofaa chizig‘iga ega bo‘lishi mumkin:
- uchinchi davlat tinchlikparvarlari kuzatadigan demilitarizatsiya zonasi;
- NATO qurollari va tayyorgarligiga ega Ukraina armiyasi qo‘riqlaydigan mustahkam chegara;
- ichkarida joylashadigan, Yevropa kuchlari va ularni orqadan qo‘llab-quvvatlaydigan AQSH.
Shu bilan birga, ko‘plab Yevropa siyosatchilari Ukrainaga qo‘shin yuborish masalasiga ehtiyotkorona yondashmoqda. Yevropadan tashqari Xitoy ham tinchlikparvar kuchlarga qo‘shilishi mumkin. Xitoyning o‘zi bunga rozilik bildirgan, ammo Zelenskiy Xitoyni qat’iy ravishda rad etib kelmoqda. Unga ko‘ra, Pekin 2022 yilda urushni to‘xtatishga yordam bermagan va 2014 yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olganida ham “hech narsa qilmagan”.
Shuningdek, “Axios” manbalariga ko‘ra, Xitoyni Ukraina uchun xavfsizlik kafolati beruvchi davlat sifatida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Alyaskada o‘tgan uchrashuvda tilga olgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 avgust kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp endi Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish uchun pul sarflamasligini aytgandi.
Live
Barchasi