AQSH “O‘rgimchak to‘ri” uchun Rossiyaning javobini kutmoqda
Olam
−
08 iyun 2025 12100 2 daqiqa
AQSH rasmiylarining aytishicha, Rossiya yaqin kunlarda Ukrainaga qarshi harbiy aerodromlarga uyushtirilgan hujumga javoban “masshtabli va ko‘p yo‘nalishli” zarba berishi mumkin hamda AQSH hukumati aynan shu zarbani kutmoqda. Bu haqda AQSH amaldorlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Manbalarning ta’kidlashicha, Moskvaning javobi “assimetrik” bo‘lishi mumkin, ya’ni u to‘g‘ridan to‘g‘ri aynan aerodromlarga emas, balki ramziy va strategik muhim ob’ektlarga qaratilishi ehtimoli bor. G‘arb diplomatlaridan biri “Javob keng ko‘lamli, shafqatsiz va qat’iy bo‘ladi” degan fikrni bildirgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi joriy yilning 1 iyun kuni o‘z murojaatida bildirganidek, bir nechta viloyatlardagi harbiy aerodromlar Ukraina dronlari tomonidan nishonga olingan. Murmansk va Irkutskdagi aerodromlarda FPV-dronlar tufayli bir nechta samolyotlar yongan. Qolgan hududlarda hujumlar muvaffaqiyatli qaytarilgan, ba’zi hujum ishtirokchilari qo‘lga olingan.
Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev dronlar yuk furasidan uchirilganini bildirgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiya yuk mashinasi haydovchilari tashayotgan konteynerlarda dronlar borligini bilmaganini aytgan. U shuningdek, Ukrainadagi maxsus xizmatlar bu hujumda faqat o‘z qurollarini ishlatgani, g‘arbdan texnika olinmaganini ta’kidlagan.
Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri”
Ukraina 1 iyun kuni Rossiya harbiy aerodromlariga uchuvchisiz dronlar yordamida amalga oshirilgan yirik hujum – “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasini o‘tkazdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy murojaatida operatsiyasida ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirdi. Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi davomida Rossiya strategik aviatsiya samolyotlarining 34 foizi zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Kiyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, zarar ko‘rgan samolyotning taxminiy umumiy qiymati 7 milliard dollarni tashkil qiladi. Manbalar Rossiyaning 41 ta samolyotiga, jumladan, strategik A-50, Tu-95 va Tu-22M3 samolyotlariga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan. Kiyevga ko‘ra, ulardan muntazam ravishda Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun foydalanilgan. Operatsiya bir yarim yil davomida tayyorlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi va unda Ukraina tomonidan Rossiyadagi aerodromlarga uyushtirilgan hujumlarni muhokama qildi. Trampning yozishicha, 1 soat 15 daqiqa davom etgan suhbat davomida Vladimir Putin unga “yaqinda aerodromlarga qilingan hujumga javob berishga to‘g‘ri kelishini” bildirgan.