Eron-Isroil: urushning 3-kuni

Tahlil

Yer yuzidan tinchlik aridi. Urushlar to‘xtamayapti, aksincha kun sayin ko‘payib bormoqda. Dunyodagi mojarolar soni eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Yildan yilga harbiy to‘qnashuvlar soni ortib bormoqda. Zo‘ravonlik darajasi esa so‘nggi o‘ttiz yillikdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqorilagan. So‘nggi uch kun davomida Isroil va Eron o‘rtasidagi raketa va dronlar almashinuvi esa nafaqat mintaqa, balki butun sayyoradagi xavfsizlikka putur yetkazishga yaqin. Bu Rossiyaning Ukrainadagi, Isroilning G‘azodagi bosqinidan ancha farq qiluvchi jarayon ekani ko‘pchilikka ma’lum. Chunki bu safar ikki tomonda o‘zaro teng raqiblardir. Odatda teng kuchlarning shu kabi to‘qnashuvlari ayanchli xotiralar bilan yodda qoladi. 

Ortda qolayotgan hafta davomida dunyoda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturi.

Yangi urush – yangi xavf

13 iyunda Isroil va Eron o‘rtasida to‘qnashuv boshlandi. Albatta, bu to‘satdan sodir bo‘lgan ziddiyat emas. AQSH va Eronning yadroviy muzokaralari 5 roundga cho‘zilib ketgani, Trampning Eronga bergan 60 kunlik muxlati o‘z yakuniga yetgani ortidan mazkur jarayonga “o‘t ketdi”. Yaqin Sharqda “portlash” yaqinligi va Isroil tez fursatlarda Eronga hujum qilishi haqidagi xabarlar OAVdagi asosiy mavzuga aylandi. Berilgan muhlatning 61-kunidagi ilk soatlarga kelib, Isroil Erondagi infratuzilmalarni nishonga ola boshladi. Eronning havo hujumidan mudofaa tizimi dong qotgan mahal forslar yahudiylarning hujumidan katta zarar ko‘rdi. Eronning qator harbiy amaldorlari, fizik olimlari va Natanz kabi muhim strategik yadroviy ob’ektlariga zarbalar yo‘llandi. Kunning ikkinchi yarmida Isroil hujumning ikkinchi to‘lqinini amalga oshirdi. Sheroz, Kirmonshoh va yana ko‘plab nuqtalarga zarba berildi. Shundan so‘ng, Tehron va boshqa joylardagi aholi xun talab qilib ko‘chaga chiqdi. Eron rasmiylari esa aholidan harbiy texnikalarning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilayotganiga guvoh bo‘lsa, mazkur jarayonni tasvirga olib tarmoqlarga joylamaslikni so‘radi va yaqin fursatlarda Isroilga javob berilishini va’da qildi.

Eronning javobi esa Isroil hujumining uchinchi to‘lqini boshlangani haqidagi xabarlardan so‘nggina amalga oshirildi. 150 ga yaqin gipertovushli ballistik raketalar Tel-Avivga yo‘l olgani haqida xabar berildi. Isroil poytaxti yopirilma havo hujumiga uchradi. “Temir gumbaz” shaharni ko‘ngildagidek himoya qila olmadi. Ko‘plab zarbalar nishonga yetib bordi. Tarmoqlarda tarqalgan tasvirlarda “Temir gumbaz” raketalarni tutishda bazida kechikkani yoki mutlaqo qarshilik qila olmagani yaqqol ko‘zga tashlandi. Ushbu hujumni tehronliklar jonli tarzda kuzatishdi. Shu kuni kunning birinchi qismida Eronda hukm surgan muhit kechga borib Isroilga ko‘chdi. Kunduzi Tehronda kuzatilgan tutun tunda Tel-Avivda paydo bo‘ldi. Bir necha soat oldin Isroilda qilingan bayram esa Eron ko‘chalariga ko‘chdi.

Ammo o‘sha kungi umumiy zararga to‘xtaladigan bo‘lsak, Eronning yo‘qotishlari Isroilga qaraganda shubhasiz ko‘proq. Muhim yuqori darajadagi shaxslardan tortib, strategik ob’ektlargacha barcha-barchasida Eron kattaroq resurslarni boy berdi. Isroil zarbalari oqibatida 78 kishi vafot etgan bo‘lsa, 200 yaqin aholi jarohatlangani haqida xabarlar bor. Eronlik olimlar va generallar esa alohida mavzu. Ular ichidagi hozirgacha tasdiqlangan eng katta yo‘qotish Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Husayn Salamiy, Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxaniy, Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general-polkovnik Muhammad Bag‘iriy, Aerokosmik kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizoda, Eron Bosh shtabining “Xotam al-Anbiya” Markaziy shtabi qo‘mondoni general-mayor G‘ulom Ali Rashid, Bosh shtab boshlig‘ining razvedka bo‘yicha o‘rinbosari general G‘ulomrizo Mehrobiy va operativ qo‘mondonlik boshlig‘i o‘rinbosari general Mehdi Rabboniylardir. Ilmiy rahbariyat va Eronning yadro salohiyatida muhim o‘rin tutuvchi olimlardan Fereydun Abbosiy va Muhammad Mehdi Tehronchi halok bo‘lgan.

Eronning Isroilga javob zarbasidan esa 5 kishi halok bo‘lgan va yana bir necha o‘nlab insonlar turli darajada jarohatlangani aytildi. Ammo Eron uchun eng katta yo‘qotish bu “Quds” kuchlari qo‘mondoni, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali Ismoil Qaaniy bo‘lishi mumkin. Hozircha uning o‘limi haqida faqat xorij OAV yozmoqda. Qosim Sulaymoniyning o‘rindoshi bo‘lgan Ismoil Qaaniy Isroilning asosiy maqsadi bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki “Quds” kuchlari Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining xorijiy maxsus operatsiyalar bo‘linmasi bo‘lib, Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi Eron ittifoqchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Mintaqa bo‘ylab keng yoyilgan va Isroilning eng katta bosh og‘rig‘i bo‘lgan Eronga qarashli proksi guruhlarning umumiy harakatlarida ham aynan “Quds” hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ukraincha zarba va ikkinchi round

Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuvda har bir tomonning o‘z muddaosi borligi aytilayotgan bo‘lsada, chetdan qaraganda otilayotgan raketalar, uchirilayotgan dronlar va butunlay urushning o‘zi maqsadsizdek taassurot uyg‘otmoqda. Jarayonni mantiq butkul tar etgandek. Buni o‘zi 3,5 yildan buyon bosqin amaliyotini olib borayotgan Rossiya Prezidenti Putinning 13 iyun kungi Isroil hujumlaridan so‘ng, Netanyaxu va Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbat qilib, ikki tomonni murosaga chaqirganidan bilsa ham bo‘ladi. Aksiga olib uning qo‘ng‘irog‘idan keyin Eron ko‘p o‘tmay Isroilga javob zarbalari yo‘lladi. Ertasi kuni Erdo‘g‘an ham muloqotlarga kirishib, mojaroni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshladi. U “qora shahzoda”ga qo‘ng‘iroq qilib, Isroilni to‘xtatish zarurligini ta’kidlagan bo‘lsada, allaqachon urush davlatiga aylangan Netanyaxu rejimi 14 iyun kuni hujumlarning ikkinchi roundini amalga oshirdi. Kechga borib uyushtirilgan havo hujumida bu safar Eron havo mudofaa tizimi uyg‘oq edi. Isroilning Eronga qarab yo‘l olgan 50 ta qiruvchi samolyotidan 10 ga yaqini urib tushirilgani haqida xabar berildi. Tehron va Bandar Abbosga zarabalar berildi. Qanotli raketalar saqlanadigan yerosti ombori va Tehrondagi neftni qayta ishlash zavodi ham nishonga olingan. Shoxrud va Mashhadga berilgan zarbalar esa bartaraf etilgan. 

Ushbu hujumdan so‘ng Eron davlat televideniyasi yaqin daqiqalarda Isroilga javob berilishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ssenariy bo‘yicha navbat Eronga keldi. Ular yuqori darajadagi aniqlik bilan zarba beradigan “Emad” va “Haybar” nomli ballistic raketalari bilan javob qaytarayotgani haqida xabarlar chiqdi. Ko‘p o‘tmay, Isroil osmonida halokatli qurollar paydo bo‘ldi. Isroilning ikki asosiy shahri Tel-Aviv va Hayfaga yopirilma zarbalar yo‘llandi. Eronning bu safargi hujumi o‘tgan kundagiga qaraganda ancha halokatli bo‘ldi. Chunki so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi zarbalar oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, 200 kishi jarohatlangan va yana 35 ga yaqin odam bedarak yo‘qolgan. Ma’lumotlar vaqt o‘tib yangilnishi mumkin. Chunki Tel-Avivdagi shifoxonalarga yotqizilganlar orasida ahvoli juda og‘ir bo‘lganlar ko‘p ekani aytilmoqda. 

Mossad “sarguzashtlari”

Eron va Isroil ziddiyatidan uzoqlashmaymiz. Chunki ushbu voqelikda urushlar tarixida navbatdagi sahifa ochildi. Gap bundan bir muddat ilgari Ukrainaning Rossiyada o‘tkazgan “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasiga o‘xshash amaliyot haqida ketyapti. Aniqroq qilib aytganda, Isroil Eronga qilingan hujumning ilk soatlarida dushman hududida oldidan tayyorlab qo‘yilgan maxsus bazadan foydalanib, Eronga berilgan zarbalarning aksariyatini o‘sha yerdan turib amalga oshirgan. Qayd etilishicha, Eronning yadroviy inshootlariga zarba berishdagi ko‘p yillik tayyorgarlik davomida Isroil bu yerda uchuvchisiz samolyotlar bazasini qurgan va aniq qurol tizimlari va qo‘mondonlarini mamlakatga olib kirishni tashkil qilgan. Tayyorgarlik ishlari Isroil mudofaa kuchlari va “Mossad” razvedka xizmati o‘rtasida yaqin hamkorlikda o‘tkazilgan.
“Mossad” agentlari Eron ichida, Tehron yaqinida dron bazasini o‘rnatgan. Dronlar tunda faollashtirilgan va Eron havo hujumidan mudofaa tizimini falajlagan. Isroil qiruvchi samolyotlari Eron osmonida bemalol harakatlanganining asosiy sababi ham shu. 

Mazkur operatsiya jarayonida Isroil mamlakatga qurol-yarog‘ tizimlarini olib o‘tuvchi mashinalar ham olib kirgan. 14 iyun kuni Eron xavfsizlik xizmati shu maqsad yo‘lida foydalanilgan qator yuk mashinalarini aniqladi. Bu Isroilning o‘z dushmani lageriga chuqur kirib borgan birinchi maxfiy operatsiyasi emas. O‘tgan yili Livandagi “Hizbulloh”ga tegishli peyjerlar va boshqa jihozlarning katta portlashi ham ko‘pchilikni aqldan ozdirgandi. Umuman olganda bu Isroil maxfiy xizmatlarining Eron xavfsizlik tizimi ustidan qilgan navbatdagi g‘alabasi. Isroil yo‘q qilishni xohlagan istalgan shaxsni u yotoqxonasida bo‘lsa ham bemalol amalga oshirar ekan, bu Tehron uchun jiddiy signal bo‘lishi lozim. Eron o‘z maxfiy xizmatlarini, turli organ va boshqa tuzilmalarini “Mossad” agentlaridan astoydil tozalamasa, Isroilning keying nishoni Oyatulloh bo‘lishi ham mumkin. Ayni paytda Eron oliy rahbari atrofida shunday mazmundagi xabarlar ham yo‘q emas.

Pahlaviylar qaytadimi?

Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li Rizo Pahlaviy Isroil tomonidan Eron hududiga uyushtirilgan zarbalar fonida “otni qamchilamoqchi”. U xalqaro hamjamiyatni Erondagi hokimiyatni ag‘darishga undadi. Pahlaviy “Eron inqirozi” bilan bog‘liq masalani amaldagi hokimiyatni qulatishda xalqni dastaklash taklifini ilgari suryapti.

“Eron bilan bog‘liq hozirgi inqirozning yagona yechimi mavjud: Eron va butun dunyoni garovda ushlab turgan rejimni ag‘darishda eronliklarga yordam berish”, deb yozdi u.

Pahlaviy Oyatulloh hokimiyatini Eron milliy boyliklarini talon-toroj qilishda, yadroviy dastur uchun mablag‘ sarflab, mamlakatni urush yoqasiga olib kelishda aybladi. Uning aytishicha, Eron hukumati “muzokaralar olib borish uchun ishonchli hamkor emas” va unga haqiqiy muqobil – bu tinchlikni, urushsiz xavfsiz kelajakni istovchi Eron xalqidir. U xalqaro hamjamiyatni Eronga nisbatan maksimal bosim, jumladan, sanksiyalarni tiklash orqali javob qaytarishga chaqirdi. Isroilning Diasporalar ishlari bo‘yicha vaziri Amixay Shikli esa X'dagi sahifasida Rizo Pahlaviy bilan tushgan suratini joylashtirdi va Pahlaviyning Tehronga borishiga ishora qilib, sur’at ostida “Tez orada Tehronda”, deya izoh qoldirdi.

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tish joiz, bu Rizo Pahlaviyning joriy yil hisobida birinchi bor e’tibor markaziga tushishi emas. U Tramp hokimiyat tepasiga kelishi bilan bir qadar faollashdi. Dastlab, joriy yil boshida “Make Iran great again” shiori ostida ko‘zga tashlangandi. Isroilning Eronga hujumidan so‘ng esa yana ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinish beryapti. Eron xalqini amaldagi hokimiyatga qarshi qo‘yish orqali Pahlaviy Netanyaxu bilan deyarli bir xil qarashni ilgari surmoqda. 

Ammo ko‘rinishidan faqat g‘oyalardagina o‘xshashlik mavjud emas, balki harakatlarda ham Pahlaviylar oilasi yahudiyparast qadamlar tashlamoqda va ular bilan yaqin munosabatlarga kirishgan chog‘i. Jumladan, joriy hafta uning qizi yahudiy tadbirkorga turmushga chiqqani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Rizo Pahlaviyning qizi Imon Pahlaviy Nyu-Yorkdagi shaxsiy to‘y marosimidan so‘ng yahudiy amerikalik tadbirkor Bredli Shermanga Parijda turmushga chiqdi. Er-xotin o‘tgan oy Nyu-York shahridagi Manxetten nikoh reyestrida nikohini rasman ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ularning rasmiy nikoh marosimida faqat yaqin oila a’zolari ishtirok etgan.

Biroq Nyu-Yorkdagi shaxsiy bayramdan so‘ng, Imon va Bredli Parijda do‘stlari va oila a’zolari uchun dabdabali to‘y ham o‘tkazdi. Er-xotin Nyu-Yorkda yashaydi. 31 yoshli Imon American Express'da ishlaydi, eri esa Matternet dronlarni yetkazib berish kompaniyasida hamkorlik bo‘limi boshlig‘i. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan kadrlarda yahudiylarning to‘ylarida keng tarqalgan an’anaga aylangan kelin va kuyov stulga ko‘tarilayotganda xor raqsga tushgani aks etgan. To‘yga bo‘lgan munosabat esa mutlaqo ikki qutbga ajralgan bo‘lib, Eron diasporasi bunga ijobiy munosabatda bo‘lsa, boshqalar uchun mazkur jarayon “qabul qilib bo‘lmas ishdek” tuyulmoqda. 

Ma’lumot uchun, Pahlaviylar sulolasi Eronni 1925 yildan 1979 yilgacha boshqargan. Sulola asoschisi – Rizo Shoh Pahlaviy. U avvalgi Qojar sulolasini ag‘darib, hokimiyatni egallagan. 1979 yilda xalq noroziliklari va Ruhulloh Xumayniy boshchiligidagi Islom inqilobi tufayli hokimiyatdan ag‘darilgan va mamlakatni tark etgan. Rizo Pahlaviy esa Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning to‘ng‘ich o‘g‘li va Pahlaviy sulolasining merosxo‘ri hisoblanadi. U 1960 yil 31 oktyabrda Tehronda tug‘ilgan. Pahlaviy Eron monarxiyasi tugatilgach, 1979 yilgi Eron Islom inqilobi vaqtida mamlakatdan chiqib ketgan. U Eronda taqiqlangan Eron Milliy Kengashining asoschisi va rahbari sanaladi. Ayni paytda AQSHning Los-Anjeles shahrida istiqomat qilmoqda.

Zelenskiy e’tiborni yo‘qotishdan xavotirda

Isroilning Eronga hujumlari fonida eng katta zarar ko‘ruvchi davlat Ukraina bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Chunki G‘arb xavfsizligida muhim o‘rin tutuvchi Ukraina o‘ziga bo‘lgan e’tiborning katta qismini yo‘qotishi mumkin. Chunki Yaqin Sharqda endilikda AQSHning arzandasi eskalatsiya paydo qilishga astoydil harakat qilyapti. Zelenskiy esa Rossiya bosqini kuchayishi fonida Ukraina G‘arb uchun ikkinchi darajali masalaga aylanib qolmasligiga umid qiladi. 

Shunday bo‘lishiga qaramay, Kiyev baribir Yevropa qit’asi xavfsizligida bugun eng muhim o‘ringa ega. Ukraina tomonidan boy berilgan har bir qarich, Rossiya Yevropaga bir qarich kirib boryapti degani. Shu bois YeIning salkam 1 mlrd yevrolik yangi qurollanish rejasida Ukraina muhim o‘rin tutadi.

Asr aviahalokati

2024 yil dekabr oxirida Ozarbayjonga tegishli samolyot Qozog‘istonning Aqtau shahri hududida qulaganidan beri osmon tinch va xavfsiz emas. O‘sha voqea bilan deyarli bir vaqtda Koreyadagi daxshatli qulash, Kanada va AQSHdagi halokatlar ko‘pchilikni junbushga keltirdi. Shundan beri havo yo‘llari tinch emas. Joriy hafta 12 iyun kuni Hindistonning Gujarat shtati Ahmadobod shahrida sodir bo‘lgan aviahalokat esa hammasidanda ayanchli ko‘rinish oldi. Dastlab hodisa oqibatida samolyot bortida bo‘lgan barcha 242 kishi, shuningdek, uchoq qulagan talabalar yotoqxonasidagi 35 kishi – jami 317 nafar odam halok bo‘lgani aytildi. Keyinroq ushbu reysda uchgan bir kishining omon qolgani ma’lum bo‘ldi. U Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan 40 yoshli Vishvakumar Ramesh edi. Ramesh aviahalokat sodir bo‘lgach, xavfsizlik kamarini yechishga va deraza yaqinidagi eshikni oyog‘i bilan tepib ochgancha tashqariga sudralib chiqishga muvaffaq bo‘ladi.

Yuqorida mazkur halokatda 317 nafar shaxs vafot etgani ta’kidlandi. Shu o‘rinda muhim bir ma’lumot, XXI asrdagi hech bir aviahalokatda buncha qurbon bo‘lmagan. Bungacha asrimizning eng ko‘p qurbon berilgan aviahalokati Rossiya tomonidan Ukrainada 2014 yilda urib tushirilgan Malayziya fuqarolik samolyoti edi. Unda 298 nafar inson halok bo‘lgan.

Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, bortda qolgan 241 kishining barchasi – 229 yo‘lovchi va 12 ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Qurbonlarning 169 nafari Hindiston, qolgan 52 nafar marhum Britaniya fuqarolari bo‘lgan. Ulardan faqatgina aynan Ramesh mo‘’jizaviy tarzda omon qolgan. Hozirgacha 200 dan ortiq jasad topilgan, ammo ularning qaysi biri yo‘lovchi, qaysi biri yerda bo‘lgan qurbon ekani aniq emas.

Rameshning so‘zlariga ko‘ra, ko‘tarilishdan bir necha lahza o‘tib, salonda chiroqlar titray boshlagan. Ramesh o‘tirgan joy samolyotning qulagan qismida bo‘lgan, binoga tegmagan, shu sababli omon qolishga imkon bo‘lgan. Samolyot ikkinchi tomoni bilan pastga qulagan bo‘lgani bois, qarama-qarshi tomonda o‘tirgan yo‘lovchilar uchun qochish imkoni bo‘lmagan. Halokat sabablari esa hozircha noma’lum. Faqatgina “qora quti” topilgan, u orqali tekshiruv davom ettiriladi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, faqat 6 ta jasad tanib olingan. Ko‘pchilik jasadlar tanib bo‘lmas holatda bo‘lgani sabab, DNK tahlili orqali aniqlash ishlari davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Hindiston samolyot Ukraina Vladimir Zelenskiy Isroil Rizo Pahlaviy Mossad O'rgimchak to'ri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing