AQSH Ukrainani sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan ham mahrum qildi – OAV
Olam
−
07 mart
8208Amerikaning aerokosmik kompaniyasi Maxar Technologies Ukrainadagi foydalanuvchilar uchun sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga kirishni yopdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Militarnyi” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, kompaniya bu qarorni “ma’muriy so‘rov” asosida qabul qilganini bildirgan. O‘chirish AQSHning Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini taqdim etish taqiqlanganidan keyin sodir bo‘lgan. Maxar xizmatiga kirishning yopilgani haqidagi ma’lumotni Ukraina kiberjamiyati Kiberboroshno ham tasdiqlagan. Birlashma vakillarining so‘zlariga ko‘ra, endi ular nafaqat Rossiyaga oid, balki dunyoning boshqa qismlariga tegishli sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini ham ocholmayapti.
“Militarnyi” nashrining yozishicha, Maxar Ukrainaga tijorat sun’iy yo‘ldosh tasvirlarining asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lib, Ukraina armiyasi ushbu tasvirlar orqali Rossiya qo‘shinlarining harakatini kuzatib borgan va bosib olingan hududlar hamda Rossiyadagi muhim ob’ektlarga zarbalar natijasini baholagan.
Qayd etish joiz, AQSHning Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini uzatishni to‘xtatgani 5 mart kuni ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, Vashington o‘zining Yevropadagi hamkorlari, jumladan, Buyuk Britaniya orqali ham ushbu ma’lumotlarni uzatishga ruxsatni bekor qilgan. Amerikaliklar bu taqiqni Kiyevdagi maxsus agentliklar orqali qat’iy nazorat qilishini ma’lum qilgan.
“AQSHdan keladigan barcha ma’lumotlar to‘xtatildi”, deya tasdiqlagan Ukraina Bosh razvedka boshqarmasining sobiq rahbari Valeriy Kondratyuk.
U, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari Yevropa sun’iy yo‘ldoshlari orqali ma’lumot olishda davom etishi mumkinligini ta’kidlagan, biroq barchasi ham harbiy joylashuvlar va ularning harakatlariga qaratilmaganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp 3 mart kuni Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘ygandi, buni OAVlar Kiyevni muzokara stoliga o‘tirishga majburlash urinish, deb yozdi. Qaror Ukrainaga kemalar va samolyotlarda, shuningdek, Polshadagi tranzit markazlarida ketayotgan AQSHning sobiq prezidenti Jo Baydenning paketlaridagi qurol va o‘q-dorilarga ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari AQSH Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini taqdim etishda davom etganini da’vo qilmoqda.
LiveBarchasi
Trenddagilar

