AQSH Ukrainaga yana 1,2 mlrd dollar ajratadi – AP
Olam
−
09 may 2023
4755AQSH Ukraina havo mudofaasini yanada kuchaytirish uchun uzoq muddatli yordam sifatida 1,2 milliard dollar ajratadi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yordam paketi Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi doirasida taqdim etilgan. Shu paytgacha yetkazib berilgan asbob-uskunalari, qurol-yarog‘lar va o‘q-dorilardan farqli o‘laroq bu safargi yordam tariqasida yuborilayotgan mablag‘lar Ukrainaning xavfsizlik ehtiyojlarini ta’minlash uchun kelgusi oylar va hatto yillar davomida ishlatilishi mumkin.
Yordam paketi HAWK havo mudofaa tizimlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilar, havo mudofaasi uchun dronlarni moliyalashtiradi. Bundan tashqari, taqdim etilgan mablag‘ artilleriya, raketalar, sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini olish uchun vositalar, doimiy texnik xizmat ko‘rsatishni moliyalashtirish va turli tizimlar uchun ehtiyot qismlarga sarflanadi.
Mazkur yordam paketini hisobga olganda urush boshlanganidan beri AQSH Ukrainaga jami 37 millliard dollar ajratdi. Yordam paketi Ukraina qarshi hujumga tayyorlanayotgan va uning havo mudofaasi haqida bir qator xavotirli bayonotlar yangragan paytda e’lon qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pentagonning matbuotga sizdirilgan maxfiy hujjatlarida Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlarining o‘q-dorilari tugab borayotgani va G‘arb unga zudlik bilan tegishli o‘q-dorilarni bermasa, rejalashtirilgan qarshi hujum kutilgan natijani bermasligi aytilgandi. Shuningdek, AQSH o‘z artilleriya snaryadlarini Ukrainaga berish uchun Janubiy Koreyadan 500 mingta o‘q-dorini “ijaraga” olishi ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi