AQSH Ukrainaga Patriot raketalarini ishlab chiqarishga hali ruxsat bermagan – Tramp
Olam
−
11:01 1026 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat hali Ukrainaga Patriot raketa tizimlari uchun raketalarni ishlab chiqarish litsenziyasini berishga rozilik bermaganini, ammo bu borada muzokaralar davom etayotganini aytdi. Bu haqda u kecha, 31 iyul kuni Kemp-Devidda o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida so‘z ochdi.
Trampning aytishicha, AQSH zamonaviy raketa texnologiyalarini boshqa davlatga berishda juda ehtiyotkor bo‘lishi kerak.
Hukumat yig‘ilishida jurnalistlarning savollariga javob bergan Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Patriot tizimlari hamda Tomahawk raketalarini olishni xohlayotganini aytgan.
“Bu juda katta qadam. Prezident Zelenskiy Patriot tizimlarini, shuningdek Tomahawk raketalarini ham xohlayapti. Ulardan biri hujumkor, ikkinchisi mudofaa quroli. Bunday texnologiyalarni berishda juda ehtiyotkor bo‘lish kerak. Biz hali bunga rozilik bermadik. Bu haqda muzokara qilyapmiz, ammo bunday texnologiyani berish oson qaror emas. Menimcha, bu hech qachon sodir bo‘lmaydi, lekin ba’zan texnologiya bergan odamlar keyinchalik uni sizga qarshi ham ishlatishi mumkin”, degan Tramp.
Tramp shu oy Turkiyada Zelenskiy bilan uchrashuvida Ukrainaga Patriot raketa tutqichlarini mahalliy ishlab chiqarish uchun litsenziya berish niyati borligini aytgan edi. Biroq keyinchalik u bu va’dasidan chekingan. Bu hafta Zelenskiyni Oq uyda qabul qilganiga qaramay, litsenziya masalasi bo‘yicha aniq qaror qabul qilinmagan.
Rossiyaning havo hujumlari kuchaygani sababli Ukraina Patriot tizimlari uchun raketalar tanqisligiga duch kelmoqda. Patriot hozircha Ukraina ixtiyoridagi ballistik raketalarni yo‘q qila oladigan yagona tizim hisoblanadi.
Kiyev uzoq vaqtdan beri ballistik raketalarga qarshi qo‘llaniladigan Patriot PAC-3 raketalarini mamlakat ichida ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyiha tashkil etishga intilib kelmoqda.
Trampning litsenziya berish haqidagi mazkur bayonoti ko‘pchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘lgan. Ukrainaning AQSHdagi elchisi Olga Stefanishina esa 30 iyul kuni PAC-3 raketalarini ishlab chiqaruvchi Lockheed Martin kompaniyasi Ukraina bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga to‘liq sodiq ekaniga ishonch bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya rahbarlari shu hafta Zelenskiy bilan uchrashgan va yaqin vaqt ichida Ukrainaga yana bir delegatsiya yuborishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning ballistik raketalar bilan amalga oshirgan hujumlari oqibatida Ukraina bo‘ylab kamida 7 kishi halok bo‘lugandi.
Live
Barchasi