Ukrainaga Patriot raketalari uchun litsenziya beriladi – Tramp
Olam
−
09 iyul 2438 3 daqiqa
AQSH Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimi uchun tutib qoluvchi raketalarni ishlab chiqarish litsenziyasini berishi mumkin. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp NATOning Anqaradagi sammiti doirasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Bu Kiyev uchun katta yutuq bo‘lib, Ukraina uzoq vaqtdan beri mazkur mudofaa qurollarini mahalliy ishlab chiqarishga ruxsat so‘rab kelayotgan edi.
“Biz sizlarga Patriot’larni ishlab chiqarish uchun litsenziya beramiz. Bu juda yaxshi. Endi sizlar bizni yetarlicha bermayapsiz, deb shikoyat qila olmaysizlar. Bu hujum qurolidan ko‘ra menga ko‘proq yoqadigan mudofaa quroli.”, degan Tramp sammit doirasidagi Ukraina rahbari bilan uchrashuvda
Tramp litsenziyaning aniq shartlari haqida ma’lumot bermagan. Biroq uchrashuv ohangi uning avval Zelenskiyni “minnatdor emas” deb tanqid qilgan chiqishlaridan keskin farq qilgan.
Kecha, 8 iyul kuni uchrashuvda Tramp ikki rahbar o‘rtasida “juda yaxshi” munosabatlar shakllanganini aytgan hamda Moskva va Kiyevning har ikkisi ham 2022 yil fevralda Rossiya bosqini bilan boshlangan urushni yakunlashni istayotganini bildirgan. Shuningdek, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham muloqot qilishini ma’lum qilgan.
“Biz ko‘plab urushlarni to‘xtatdik. Men buni eng osoni bo‘ladi, deb o‘ylagan edim. Ammo Putin ham qiyin inson, bu yigit ham qiyin inson”, degan Tramp Zelenskiyga ishora qilib.
Zelenskiy esa AQSH rahbari bu urushni to‘xtatishiga ishonch bildirgan.
“Bu urushni to‘xtatish uchun qo‘lingizdan kelgan barcha ishni qilishingizga ishonaman”, degan Zelenskiy Trampga.
Yaqin muddatda Kiyevga tayyor tutib qoluvchi raketalar yetkazib beriladimi-yo‘qmi, bu hozircha aniq emas. Manbalarning ta’kidlashicha, yangi Patriot raketalari ehtimol Germaniya yoki Yevropaning boshqa davlatlarida ishlab chiqariladi. Bu ularni Ukraina hududida ishlab chiqarish holatida Rossiya zarbalarining nishoniga aylantirmaslik maqsadida rejalashtirilgan.
“Agar Ukrainaga Patriot ishlab chiqarish litsenziyasi berilsa, bu juda katta voqea bo‘ladi. Biroq Ukrainaga havo mudofaa raketalari hozir kerak, kelajakdagi ishlab chiqarishni kutib tura olmaydi”, deb yozgan AQSHning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol X ijtimoiy tarmog‘ida.
Trampdan AQSH zudlik bilan qo‘shimcha Patriot raketalarini yuboradimi, deb so‘ralganda, u “ayrimlari” darhol yuborilishi mumkinligini aytgan hamda Ukraina o‘z ishlab chiqarishini ham tezda boshlay olishiga ishonishini bildirgan.
“Bizda Patriot’lar bor, ammo ular juda ko‘p emas. Ular o‘zimizga ham kerak. Menimcha, Ukraina ularni ancha tez ishlab chiqara oladi. Biz texnologiyani tushuntirganimizdan keyin kompaniyani bu yerga olib kelamiz. Sizlar kompaniya bilan ishlaysizlar. Ular murakkab qurollarni ishlab chiqarish bo‘yicha katta salohiyatga ega”, degan Tramp.
Zelenskiy bir necha bor AQSHda ishlab chiqarilgan Patriot raketalarini so‘rab kelgan. Bu Rossiya ixtiyoridagi ballistik raketalarni yo‘q qila oladigan yagona tizim hisoblanadi. Bunday nishonlarning yuqori tezligi va tik parvoz trayektoriyasi ularni to‘xtatishni juda qiyinlashtiradi.
Tramp, shuningdek, kompaniyalarga Patriot raketalarini ko‘proq ishlab chiqarish bo‘yicha bosim o‘tkazilishi mumkinligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Patriot tizimida qo‘llaniladigan tutib qoluvchi raketalarning asosiy pudratchisi Lockheed Martin, tizimning o‘zi esa 1980-yillarda Raytheon tomonidan ishlab chiqilgan. Har ikki kompaniya Yevropa raketa ishlab chiqaruvchisi MBDA bilan hamkorlik qiladi.
Ukrainaning Vashingtondagi elchisi Olga Stefanishina Anqaradagi uchrashuv AQSH va Ukraina o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha “bir nechta muhim strategik signallar” berganini aytgan hamda bu signallar aniq qarorlarga aylanishidan umid bildirgan.
“Biz AQSHning adolatli va uzoq muddatli tinchlikka erishish yo‘lidagi doimiy ishtirokini yuqori baholaymiz”, degan u.
AQSH Kongressi a’zolari ham bu qarorni olqishlagan.
“Bu ajoyib qaror. Hozirgi ishlab chiqarish ehtiyojni qoplamayapti va bu albatta yordam beradi”, deb yozgan Nebraskadan respublikachi kongressmen Don Beykon X tarmog‘ida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy bilan uchrashuv davomida AQSH Prezidentidan Ukrainaga borish masalasida berilgan savolga ijobiy javob bergandi.
Live
Barchasi