AQSH Ukrainaga qariyb 40 milliard dollar ajratadi

Olam

image

Kecha, 10 may kuni AQSH Kongressining Vakillar palatasi Ukrainaga qariyb 40 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha yordam ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Yig‘ilish AQSH qonun chiqaruvchi organi quyi palatasi saytida namoyish etildi. 

368 kongressmen tashabbusni yoqlab ovoz berdi, 57 nafari qarshi chiqdi. Endi qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun Senatga yuboriladi. Senatdagi Demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer (tahr. – Nyu-York shtatidan) avvalroq tashabbus bo‘yicha ovoz berishni imkon qadar tezroq tashkil etishga va’da bergan edi. Agar yuqori palata tomonidan ma’qullansa, u imzolash uchun AQSH Prezidenti Jo Baydenga yuboriladi. 

Hujjat Kiyevga harbiy, iqtisodiy va gumanitar yordam uchun mablag‘ ajratishni nazarda tutadi. Xususan, 6 milliard dollar qurol-yarog‘ va xavfsizlikni ta’minlash uchun, 8,7 milliard dollar iqtisodiy yordam va Ukrainadagi davlat xizmatlari faoliyatini moliyalashtirish uchun, 5 milliard dollar Ukraina va dunyoning boshqa mamlakatlariga oziq-ovqat yordami uchun, 900 million dollar ukrainalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Yevropadagi AQSH qo‘shinlarini mustahkamlash uchun 3,9 milliard dollar ajratiladi. 

Oq uy bu tashabbusning Vakillar palatasi tomonidan ma’qullanganini olqishladi. 

“Ushbu qonun loyihasiga kiritilgan qo‘shimcha manbalar bizga Ukrainaga ko‘proq qurol-yarog‘, masalan, artilleriya va zirhli texnika, shuningdek, o‘q-dorilar yuborish imkonini beradi. Shuningdek, ular bizga arsenallarimizni to‘ldirishga va NATO hududidagi davlatlarda AQSH qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi”, deydi AQSH Prezidenti kotibi Jen Psaki.

Baydenning iltimosi

Ushbu qo‘shimcha moliyalashtirish uchun Kongressga so‘rov avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden tomonidan yuborilgan edi. U qonunchilarni yaqin kunlarda tegishli qonun loyihasini imzolashi uchun uni zudlik bilan tasdiqlashga chaqirdi. Bayden, aks holda Qo‘shma Shtatlar tez orada Kiyevga yordamni to‘xtatishga majbur bo‘lishidan ogohlantirdi, chunki Kongress tomonidan ajratilgan avvalgi resurslar amalda tugaydi. 

Avvaliga Bayden Kiyevga qo‘shimcha 33 milliard dollar yordam so‘ragan edi. Keyinroq Amerika OAVlari bu miqdor Kongressda qariyb 40 milliard dollarga oshirilgani haqida xabar berdi. Xususan,  harbiy texnika,  oziq-ovqat yordami bilan ta’minlash uchun bundan ham ko‘proq mablag‘ ajratish taklif etildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

49

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing