AQSH Ukrainaga favqulodda harbiy yordam sifatida 300 million dollar ajratdi
Olam
−
13 mart
3115AQSH ma’muriyati Pentagon byudjetida Ukrainaga ajratilgan mablag‘ yo‘qligiga qaramay, Kiyevga 300 million dollar miqdorida “favqulodda harbiy yordam” paketini yuborishini ma’lum qildi. Bu haqda AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Sallivanning aytishicha, Pentagonning Ukraina uchun byudjeti tugagan va bu davlatni qo‘llab-quvvatlash uchun so‘ralgan qo‘shimcha 60 milliard dollarlik yordam hali Kongress tomonidan qabul qilinmagan bo‘lsa-da, Kiyevga shoshilinch yordam ko‘rsatish zarur.
“Ukrainada foydalanish uchun yetarlicha o‘q-dorilar yo‘q. Bu hudud va hayotning yo‘qolishiga olib keladi. Shuningdek, bu AQSH va NATO ittifoqiga strategik xarajatlarni yuklaydi”, deydi Sallivan.
Amerikalik siyosatchining qayd etishicha, Ukrainaga yuboriladigan 300 million dollarlik shoshilinch harbiy yordam Ukraina armiyasiga qisqa muddatgagina yordam beradi, shuning uchun ham Kongressda hozirda ko‘rib chiqilayotgan qo‘shimcha byudjet loyihasi tezroq qabul qilinishi kerak.
Bu yordam paketi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari tugab qolgan dekabrdan beri AQSHning Kiyevga yuborgan birinchi harbiy yordami bo‘ladi.
LiveBarchasi