AQSH Ukrainada 20 aprelgacha otashkesimga erishmoqchi – “Bloomberg”
Olam
−
23 mart
3230Oq uy Ukrainada 20 aprel, Pasxa bayramiga qadar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi. Bu haqda bugun, 23 mart kuni anonim manbalarga tayanib, Amerikaning “Bloomberg” agentligi xabar berdi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH ma’muriyatining o‘zi bu muddatlar o‘zgarishi mumkinligini tan oladi, chunki urushayotgan tomonlarning pozitsiyalari ko‘p jihatdan qarama-qarshidir.
“Bloomberg” agentligi AQSH Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Brayan Xyuzning “muzokaralar shartlari yoki vaqti OAVda muhokama qilinishiga” qarshi ekanini aytgan. Agentlikning boshqa manbalari tinchlik kelishuviga erishilmaguncha Kreml Donald Tramp va Vladimir Putinning shaxsiy uchrashuviga rozi bo‘lmaydi, degan fikrni bildirgan. Ularning ishonishicha, aprel oyining o‘rtalarida bu ehtimoldan yiroq.
“AQSH yaqin orada Ukrainada tinchlik bitimiga umid qilmoqda, ammo Putin shoshilmayotganga o‘xshaydi”, deb yozadi “Bloomberg”.
Misol tariqasida agentlik Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan o‘zaro dron hujumlarini, shuningdek, Federal xavfsizlik xizmati xodimi Sergey Besedaning Rossiya Federatsiyasi uchun muzokarachi bo‘lganini keltiradi. “Bloomberg” Moskvaning muzokaralardagi talablarini “maksimalistik” deb atadi.
Hozircha AQSH Saudiya Arabistonida Rossiya va Ukraina vakillari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazmoqda. U yerda energetika infratuzilmasiga qarshi o‘t ochishni 30 kunga taqiqlash monitoringi, shuningdek, Qora dengizda ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish masalalari muhokama qilinmoqda.