AQSH Ukraina uchun muhim qurollar ta’minotini to‘xtatdi

Olam

image

AQSH Mudofaa vazirligi (Pentagon) mamlakat Qurolli kuchlari zaxiralari bilan bog‘liq xavotirlar tufayli Ukrainaga raketa va o‘q-dorilar partiyasini yuborishni to‘xtatgan. Bu haqda Oq uyga tayanib, NBC News xabar berdi.

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset bir necha hafta avval AQSH Qurolli kuchlari o‘q-dorilari zaxirasini tekshirish bo‘yicha memorandum e’lon qilganidan so‘ng, Ukrainaga mo‘ljallangan qurol partiyasini yuborishni to‘xtatish bo‘yicha buyruq bergan.

Xabarda aytilishicha, Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi mojarolar fonida AQSH armiyasining o‘q-dorilar zaxirasi sezilarli darajada kamaygan. Mudofaa vazirligining ikki rasmiysi va Kongressdagi ikki vakilga ko‘ra, baholash yakuniga yetgunicha o‘q-dorilar va boshqa qurollar yetkazib berilishi vaqtincha to‘xtatiladi. Agar zaxiralarda jiddiy tanqislik aniqlansa, yetkazib berish muddati keyinga surilishi mumkin.

Pentagondagi manbalar NBC News’ga Ukrainaga yuborilishi to‘xtatilgan qurollar ro‘yxatini taqdim etgan. Ular orasida havo hujumidan mudofaa tizimlari va front uchun mo‘ljallangan vositalar bor:

  • Patriot tizimlari uchun raketalar;
  • 155 mm o‘q-dorilar (portlovchi-fugasli snaryadlar);
  • 100 ta Hellfire raketasi;
  • 250 ta yuqori aniqlikdagi GMLRS raketalari;
  • o‘nlab yer-havo klassidagi Stinger raketalari, havo-havo AIM raketalari va granatomyotlar.

Oq uy vakili Anna Kelli qurol yetkazib berish to‘xtatilganini tasdiqlagan.

“Bu qaror Mudofaa vazirligi tomonidan AQSHning boshqa mamlakatlarga ko‘rsatayotgan harbiy yordami va qo‘llab-quvvatlashini qayta ko‘rib chiqish doirasida, Amerikani birinchi o‘ringa qo‘yish uchun qabul qilindi”, deydi Kelli.

Pentagon esa bu borada izoh bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Gaagadagi tashkilot yetakchilarining sammiti yakunida NATO, shu jumladan, Qo‘shma Shtatlar ham Ukrainani Rossiya bosqiniga qarshi kurashda saqlab qolishga “to‘liq sodiq” ekanini aytgan edi. U NATOda hech kim Rossiyaga nisbatan soddadil emasligini va alyansning barcha a’zolari Moskvaga nisbatan “bir xil baho berishini” bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Pentagon qurol ta'minoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing