AQSH Ukraina uchun kafil bo‘lishga tayyor – muzokaralar mohiyatida nima turibdi?
Olam
−
16 dekabr 2382 3 daqiqa
AQSH Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish bo‘yicha muzokaralarda olg‘a siljish kuzatilayotganini ma’lum qilar ekan, Kiyevga NATO uslubidagi xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishni taklif qildi. Biroq hududiy yon berishlar masalasida kelishuvga erishilmadi. Bu haqida “Reuters” axborot agentligi xabar berdi.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, Prezident Donald Tramp tomonidan yuborilgan elchilar Berlinda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralarda ilgari kuzatilmagan taklifni o‘rtaga qo‘yishdi, ammo bunday imkoniyat boshqa berilmasligi mumkinligini haqida ogohlantirishdi.
Germaniya poytaxtidagi muzokaralar Yevropa yetakchilarida Ikkinchi jahon urushidan beri qit’adagi eng qonli nizoni tugatish yo‘lida umid uyg‘otdi. Shu bilan birga, Moskva hali Germaniyada muhokama qilingan o‘zgarishlarga rozilik bildirmadi va bunga tayyor ekanini ham ko‘rsatmadi.
“Biz bu ishni yakunlashga harakat qilyapmiz. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bir necha bor gaplashdik va menimcha, biz hech qachongidan ham yaqinmiz. Nima qilish mumkinligini ko‘ramiz”, dedi Tramp.
Yevropa yetakchilari Tramp ma’muriyatining Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha yondashuvidagi ehtimoliy o‘zgarishni ehtiyotkorlik bilan qutladi.
“Urush boshlanganidan beri birinchi marta o‘t ochishni to‘xtatish ehtimoli ko‘zga tashlanmoqda”, deb yozdi Germaniya kansleri Fridrix Mers X ijtimoiy tarmog‘ida.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Berlinni tark etar ekan: “Bugun birinchi marta hamma bir lagerdagi ittifoqchilardek harakat qilayotgandek tuyuldi”, dedi. Uning aytishicha, amerikalik muzokarachilar Rossiya yana Ukrainaga hujum qilsa, AQSHning javobi harbiy bo‘lishiga shubha qoldirmaydigan kafolatlar haqida ochiq gapirishgan.
Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson xavfsizlik kafolatlari masalasi “aniqroq va ishonchliroq” bo‘lib borayotganini aytib, bu barqaror tinchlik sari muhim qadam ekanini ta’kidladi. Biroq u hududlar va Rossiya umuman tinchlikni istaydimi-yo‘qmi, degan savollar qolib ketayotganini qo‘shimcha qildi.
Hududiy yon berishlar
Zelenskiy muzokaralardan so‘ng, agar Moskva muhokama qilinayotgan takliflarni rad etsa, AQSHdan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni va Ukrainaga, jumladan, uzoq masofali qurollar berishni so‘rashini aytdi. U Rojdestvo bayramlari davrida, ayniqsa energetika ob’ektlariga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Masalaga yaqin manbaga ko‘ra, AQSH Ukrainadan Donetsk viloyatining sharqiy qismidagi qo‘shinlarini olib chiqishni talab qilmoqda. Bu Ukraina ichida kuchli qarshilikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan katta yon berish hisoblanadi.
Zelenskiy hududiy yon berishlarni “og‘riqli” deb atab, Ukraina Donbassni Rossiyaniki sifatida “de-yure ham, de-fakto ham” tan olmasligini yana bir bor ta’kidladi.
NATO uslubidagi kafolatlar
Berlinda Zelenskiy AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner hamda Yevropa yetakchilari bilan muzokaralar olib bormoqda. Kiyev Tramp tomonidan Rossiyaga yon berishga kuchli bosim ostida qolmoqda.
AQSH rasmiylarining aytishicha, muhokama qilinayotgan kelishuvga ko‘ra, Ukraina NATO shartnomasining 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini olishi mumkin. Boshqa bir rasmiy Rossiya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga qarshi emasligini, Tramp esa Rossiyaning Yevropada yana g‘arbga siljishining oldini olishni istashini bildirdi.
Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha hujjat mufassal ekanini, ammo hali ish talab qilinishini aytdi. Yaqin kunlarda AQSHda ishchi guruhlar uchrashuvlari bo‘lishi kutilmoqda.
Yevropaning bir qator davlatlari yetakchilari qo‘shma bayonotda AQSH bilan “kuchli yaqinlashuv” borligini qayd etib, Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash, Yevropa yetakchiligida tinchlikparvar kuchlar joylashtirish va Ukrainaga hujum qayta takrorlansa, kuch ishlatish kafolatlarini o‘z ichiga olgan maqsadlarni sanab o‘tdilar.
14 dekabr kuni Ukraina G‘arb kafolatlari evaziga NATOga a’zo bo‘lish niyatidan voz kechishga tayyor ekanini aytgan edi. Biroq Berlindagi muzokaralar Rossiyani o‘t ochishni to‘xtatishga qay darajada ko‘ndirishi hali noaniq.
Ushbu muzokaralar fonida Ukraina suv dronlari yordamida Rossiya suv osti kemasini cho‘ktirib, dengizda ustunlikni qo‘lga kiritayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.