AQSH-Ukraina muzokaralari: siljish bor

Olam

image

Berlinda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida jang harakatlarini to‘xtatish yo‘lida “salmoqli ilgarilash”ga erishildi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff kecha, 14 dekabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. 

Uitkoffning qayd etishicha, Ukrainada ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish masalasi bo‘yicha AQSH va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar 5 soatdan ortiq davom etgan. Uchrashuvda Trampning maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner ham ishtirok etgan. Uitkoff postida aytilishicha, tomonlar tinchlikni tartibga solish bo‘yicha 20 banddan iborat reja, iqtisodiy masalalar va boshqa mavzular yuzasidan “chuqur muhokamalar” o‘tkazgan.

Germaniya kansleri Fridrix Mers ham muhokamalarning boshida qatnashgan, keyinroq o‘z vakilini qoldirib, uchrashuvni tark etgan.

“Biz Ukrainada barqaror tinchlikni istaymiz. Oldimizda murakkab masalalar turibdi, ammo olg‘a intilishga qat’iyan qaror qilganmiz”, deb yozdi Mers X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Bugun, 15 dekabr kuni maslahatlashuvlar davom ettiriladi. AFP agentligi eslatishicha, kechqurun muzokaralarga Yevropa davlatlari va hukumatlari rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va NATO rahbarlari qo‘shiladi.

Bundan oldin “Reuters” agentligi Ukraina Prezidenti jurnalistlarning WhatsApp orqali bergan savollariga javob berar ekan, tinchlik takliflarida muayyan murosalar bo‘lishini aytganini xabar qilgan. Xususan, Kiyev NATOga a’zo bo‘lish o‘rniga AQSH, Yevropa va boshqa hamkorlar tomonidan yuridik jihatdan majburiy xavfsizlik kafolatlarini qabul qilishga tayyor ekani qayd etilgan.

Shuningdek, “Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, 14 dekabr kuni Vladimir Zelenskiy jang harakatlarini hozirgi front chizig‘i bo‘ylab “muzlatib qo‘yish”ni “adolatli variant” deb atagan. Rossiya esa ilgari bir necha bor Kiyevdan Rossiya Qurolli kuchlari egallay olmagan Donetsk va Lugansk viloyatlarining ayrim hududlaridan ham ukrain qo‘shinlarini olib chiqishni talab qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy Stiven Uitkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing