AQSH Ukraina bilan Saudiyada muzokara o‘tkazdi
Olam
−
24 mart
3688Kecha, 23 mart kuni Ukraina va AQSH delegatsiyalari Rossiya bilan sulh muzokaralari oldidan Saudiya Arabistonida uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, muzokara davomida murakkab texnik masalalar ko‘rib chiqilgan. Ukraina delegatsiyasi tarkibida energetika bo‘yicha ekspertlar hamda harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari vakillari ishtirok etgan. Ushbu uchrashuv bugun, 24 mart kuni AQSH va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida AQSH vositachiligida uch yillik urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishidan oldin bo‘lib o‘tdi.
“Biz Ar-Riyodda Amerika jamoasi bilan uchrashuvni boshladik. Biz Ukraina Prezidentining mamlakatda tinchlik o‘rnatish va xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha topshirig‘ini bajarmoqdamiz. Kun tartibida energetika ob’ektlari va muhim infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha takliflar bor”, deydi u.
AQSH Prezidenti milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uoltsning aytishicha, “havo infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatish” bo‘yicha kelishuv AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasidagi suhbatdan so‘ng darhol kuchga kirgan.
“Endi biz Qora dengizda sulh haqida gaplashmoqchimiz, shunda ikkala tomon ham don, yoqilg‘i tashish va Qora dengizda savdoni tiklash imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deydi Uolts.
Unga ko‘ra, keyingi bosqichda haqiqiy front chizig‘i bo‘ylab nazorat chizig‘i masalasi ko‘tariladi. Muzokaralarda nazorat mexanizmlari, tinchlikni saqlash va hujum harakatlarini to‘xtatish mexanizmlari muhokama qilinadi.
“Va keyin, albatta, yanada kengroq va doimiy tinchlik masalasi ko‘rib chiqiladi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Ammo uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar qanday kelishuvga erishgani va muhokamalar haqida ma’lumotlar oshkor etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy Ukrainada 20 aprel, Pasxa bayramiga qadar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi ekani haqida xabar qilingandi.
LiveBarchasi