AQSH Ukraina bilan muzokara boshladi

Olam

image

AQSH Davlat departamenti Vashington va Kiyev Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qila boshlaganini tasdiqladi. Bu haqda kecha, 3 avgust kuni Davlat departamenti bayonot berdi.

“Bugun Davlat departamenti, AQSH Mudofaa vazirligi va Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakillari ukrainalik hamkasblari bilan uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni boshlash uchun uchrashdi”, deyiladi bayonotda.

Aytilishicha, Qo‘shma Shtatlarning diqqat markazida “Ukrainani hozir  va kelajakda himoya qilishga qodir kuchlar bilan ta’minlash”, “Ukraina harbiy institutlari va sanoatining samaradorligi hamda shaffofligini qo‘llab-quvvatlash va oshirish”, shuningdek, “Kiyevning Yevro-Atlantika intilishlari yo‘lida rivojlanishiga hissa qo‘shadigan” islohotlarga yordam berish bo‘ladi.

Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ham Ukraina va AQSH Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish bo‘yicha muzokaralarni boshlaganini ma’lum qilgan.

Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Metyu Millerning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar virtual formatda o‘tadi. Amerika tomonidan delegatsiyaga AQSH davlat kotibi yordamchisining Yevropa va Yevroosiyo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari rahbarlik qiladi. Millerning qo‘shimcha qilishicha, muzokaralar NATOning Vilnyusdagi sammiti doirasida G7 davlatlari tomonidan qabul qilingan majburiyatlarga muvofiq o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida G7 davlatlari yetakchilari Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagandi.  2 avgust kuni esa Prezident Vladimir Zelenskiy Belgiya, Daniya, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Norvegiya, Niderlandiya, Portugaliya, Ruminiya, Finlyandiya, Chexiya va Shvetsiya Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish bo‘yicha deklaratsiyaga qo‘shilganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina xavfsizlik kafolatlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing