NATOning Vilnyus sammiti Ukrainaga nima berdi?

Tahlil

Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi, Ukrainadagi urush va uning NATO safidan joy olish yo‘llari, alyansning Ukraina-Rossiya urushiga qaratayotgan e’tibori va boshqa mavzular muhokama qilingan maydon – Vilnyusdagi sammit o‘z yakuniga yetdi. Deklaratsiya qabul qilindi, rahbarlar o‘z mamlakatiga allaqachon jo‘nab ketishga ulgurdi. Demak, endi sammitni tahlil qilish, xulosa chiqarish mumkin.

Joriy yilning 11 iyul kuni boshlangan va 12 iyulga qadar davom etgan mazkur sammitda NATO rahbari Yens Stoltenbergdan tashqari ko‘plab alyansga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Birinchilardan bo‘lib sammit bo‘ladigan joyda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an paydo bo‘ldi. U 10 iyul kuni rafiqasi Emine Erdo‘g‘an bilan Litva poytaxtiga yetib kelgandi. Rafiqasi bilan Litvaga kelgan boshqa rahbarlar qatorida Fransiya rahbari Emmanyuel Makron va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy bor. Ammo ularning har ikkisi ham sammitning muhim malisiga xotinlarisiz tashrif byurgan. Norvegiya bosh vaziri Jonas Gahr Stor, Italiyaning 46 yoshli bosh vaziri Jorjiya Meloni va Portugaliya Bosh vaziri Antonio Koshta, Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Germaniya kansleri Olaf Shols, Lyuksemburg hukumati rahbari Xaviyer Bettel birin-ketin yetib kelishdi.

Zelenskiy haqida gap ketganda shuni aytish mumkinki, sammitdagi barcha kostyumlilar orasida faqat ugina harbiy kiyimda edi. Ukrainada urush boshlangandan beri Prezident Volodimir Zelenskiy faqat xarbiy kiyimda ko‘rinish bermoqda. Hox xorijiy mamlakatlarga qilinayotgan rasmiy tashriflar bo‘ladimi, yoki NATOdek yirik tashkilot sammitlarida ishtirok etishmi, Zelenskiy xarbiy kiyim kiyib atrofdagilarga, boshqa davlat va tashkilot rahbarlariga hozir muzokalar ketayotgan bir vaqtda, uzoqda o‘z mamlakati Ukrainada urush bo‘layotganini, unga tezroq, kuchliroq va aniq choralar kerakligini eslatib turmoqchidek go‘yo.

U buning uddasidan chiqdi ham. “Yettilik” guruhi (Katta yettilik) yetakchilari chorshanba kuni Litvaning Vilnyus shahrida bo‘lib o‘tgan NATO sammitida Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha uzoq muddatli majburiyatlarni olish rejalarini e’lon qildi. Yangi tuzilma G7 a’zosi bo‘lgan alohida davlatlar va Ukraina o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama majburiyatlarni yaratishga, zamonaviy harbiy texnika va “kerak bo‘lgan vaqtgacha” iqtisodiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan. Ammo Bu e’lon NATO o‘z qo‘shma bayonotini e’lon qilganidan bir kun o‘tib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va boshqalarning tanqidiga uchradi, chunki alyans Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi jadvalda keltirilmagan edi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham blok mamlakatlari Ukrainaning a’zo bo‘lish bo‘yicha harakat rejasini bekor qilishga qaror qilganini e’lon qilgan va barcha shartlar bajarilganda Kiyevni ittifoqqa taklif qilishga va’da bergan. Unga ko‘ra, Ukrainaning kirishi shartlarini alyansga a’zo davlatlar baholaydi. Shartlar haqida gapirar ekan, Stoltenberg Ukraina mudofaa va xavfsizlik institutlarini modernizatsiya va isloh qilishi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, u NATO mamlakatlarning ittifoqqa qo‘shilish jarayonida hech qachon muddat belgilamasligini aytgan. Bundan tashqari, Stolenberg alyans Ukrainada urush davom etar ekan, uning ittifoqqa qo‘shilishi mumkin emasligini bir necha bor ta’kidlagan.

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyning Twitter'dagi sahifasida NATO Vilnyusdagi sammitda Kiyevni alyansga taklif qilish muddati bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilmoqchi emasligidan noroziligini bildirgan, Ukraina hurmatga loyiq ekani, hamkorlarning “noaniqligi”ni esa zaiflik deb bilishini aytgandi. Shundan so‘ng, “The Washington Post” nashri NATO sammitida ishtirok etayotgan AQSH rasmiylari Zelenskiyning bayonotidan g‘azablanganini yozib chiqdi.

Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles esa Zelenskiydan xafa bo‘ldi. U Ukrainadan tanqid qilish o‘rniga, harbiy texnika yetkazib bergani uchun G‘arb davlatlari minnatdorlik so‘zlarini eshitishni xohlayotganini aytib chiqdi. Bu haqda u alyansning Vilnyusdagi sammiti arafasida bo‘lib o‘tgan NATO jamoat forumida gap ochgan.

“Siz xohlaysizmi yo yo‘q, odamlar ozgina minnatdorlik ko‘rishni istaydi. Ba’zan siz mamlakatlardan o‘z qurol-yarog‘ zaxiralaridan voz kechishni so‘raysiz”, degan Uolles.

Shuningdek, u vaqti-vaqti bilan Amerikadagi Kapitoliy tepaligidagi qonunchilarni qiyin muzokaralar paytida u yoki bu harbiy texnikani Ukrainaga topshirishga ko‘ndirishga urinib kelganini qo‘shimcha qilgan.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirining aytishicha, o‘tgan yilgi Ukrainaga safari chog‘ida Kiyev rasmiylari unga Ukraina Qurolli kuchlari uchun zarur bo‘lgan qurollar ro‘yxatini taqdim etgan, bu esa unga “do‘konga borish”ni eslatgan. 

“Bilasizmi, biz Amazon emasmiz. Men o‘tgan yili buni ularga aytgandim. U yerda ro‘yxatni olish uchun 11 soat yurgandim”, degan Zelenskiydan xafa bo‘lib Ben Uolles.

Ammo sammitda gina-qudrat ko‘zga tashlanmadi. Barcha Zelenskiy bilan ochiq yuz va samimiy tabassum ila ko‘rishdi.

Shu sababli ba’zi tahlilchilar Ukrainaga munosabatni ijobiy ham baholashdi. Alyansdagi davlatlarning Zelenskiyni iliq kutib olishganini ular “transatlantik ittifoqning bir qismi sifatida qabul qilinish” deya baholashmoqda.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollesning Kiyevga qurol va harbiy texnika yetkazib berilgani uchun yetarlicha rahmat aytmayotgani haqidagi so‘zlariga Vilnyusning o‘zidayoq javob berib bo‘ldi. Ukraina Prezidenti uning mamlakati G‘arbga yana qanday qilib minnatdorlik bildirishi mumkinligini tushunmasligini aytdi.

“Men savolni tushunmayapman. Biz har doim minnatdor bo‘lganmiz va har doim harbiy yordam uchun rahmat aytamiz. Yana qanday rahmat aytishni bilmayman. Ertalab turib vazirga rahmat aytishimiz mumkin. U menga qanday minnatdorchilik bildirishimni yozsin, men sizga shunday rahmat aytaman”, degan Ukraina Prezidenti. 

Shuningdek, Vladimir Zelenskiy zalda hozir bo‘lgan Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikovdan: “Aleksey, Britaniya Mudofaa vaziri bilan munosabatlaring yomonmi?”, deb so‘ragan. Bunga javoban Mudofaa vazirligi rahbari: “Ajoyib”, degan. Zelenskiyning iltimosiga binoan Reznikov Uollesga Britaniyaning harbiy yordami uchun ochiqchasiga minnatdorlik bildirgan. Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi rahbariga qo‘ng‘iroq qilishni ham so‘ragan.

Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Vadim Pristayko esa Zelenskiyning Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollesning so‘zlariga munosabatini “nosog‘lom kinoya” deb atagan.

“Prezident Zelenskiy har kuni ertalab uyg‘onib, Ben Uollesga qo‘ng‘iroq qilib, unga minnatdorlik bildirishga tayyorligini aytganida, menimcha, javobda qandaydir kinoya bor edi. Menimcha, bu sog‘lom sarkazm emas”, degan Pristayko “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Buyuk Britaniya Rossiyaga ular o‘rtasida kelishmovchiliklar borligini ko‘rsatmasligi kerak. Shu bilan birga, Pristayko Britaniya mudofaa vaziriga muammo yuzaga kelsa, unga qo‘ng‘iroq qilishni va shaxsiy suhbatda o‘z noroziligini bildirishni maslahat bergan.

“Agar biror narsa yuz bersa, Ben Uolles menga qo‘ng‘iroq qilib, xohlaganini aytishi mumkin”, degan Ukraina elchisi.

Shu yerda Ukrainadan xafagarchilik tugadi, savollarga javob olindi.

Ammo muhimi bu emas, muhimi sammit davomida Ukraina xavfsizligi uchun oldinga qadamlar tashlanganidir.

Sammitdan so‘ng uni tahlil qilgan mutaxassislarning fikricha, G7 a’zolari, NATO va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sezilarli o‘xshashlik mavjud. G7 davlatlaridan to‘rttasi Yevropa Ittifoqida, oltitasi esa NATOda. Shuning uchun uch tashkilot tomonidan qilinayotgan Moskvaning Ukrainaga qarshi urushiga umumiy yondashuv o‘xshash xususiyatlarga ega ekanligi ajablanarli emas. Har uchala tashkilot ham Ukrainani 2014 yil fevralida Moskvaning tajovuzkorligi boshlanganidan beri va 2022 yilning fevralida kuchayganidan beri faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular Ukraina liberal xalqaro tartib tomonidan ta’minlanishi kerak bo‘lgan tinchlik va barqarorlikdan foydalanish huquqini ta’kidlamoqdalar. Shuningdek, ekspertlar Qo‘shma Shtatlar NATO va G7da yetakchilik qilgan holda, ikkala tashkilot ham Ukrainaga sezilarli yordam ko‘rsatib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda samarali siyosiy nazorat o‘rnatish maqsadiga erisha olmasligini aytmoqda.

Shu bilan birga, Amerika Qo‘shma Shtatlari G7 va NATO Ukrainaning Moskva tajovuzkorligiga qarshi g‘alaba qozonishiga aniq chaqiriq yoki Ukrainaning muvaffaqiyatini tezlashtirishga olib keladigan qat’iy qadamlardan qochdi. 12 iyul kuni Vilnyusdagi NATO sammiti bilan birgalikda G7 tomonidan e’lon qilingan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning qabul qilinishi asosan AQSH nazorati ostida kechgan.

Sammitdan so‘ng AQSH Prezidenti Jo Bayden Xelsinkida finlyandiyalik mavqedoshi Sauli Niinistyo bilan qo‘shma matbuot anjumani paytida Ukraina o‘z hududidagi janglar paytida Shimoliy Atlantika ittifoqiga kirishi uchinchi jahon urushining boshlanishini anglatadi, deb aytgan.

“Urush davom etayotganda, NATO davlatiga hujum qilinganda hech kim NATOga qo‘shila olmaydi. Chunki bu bizni urush holatida, uchinchi jahon urushida bo‘lishimizni kafolatlaydi”, degan Vashington ma’muriyati rahbari.

Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, “gap ularning [alyansga] qo‘shilish yoki qo‘shilmasligida emas”.

“Gap ular qachon a’zo bo‘lishlari haqida. Va ular NATOga qo‘shilishadi”, deya qo‘shimcha qildi Prezident. 

NATO sammiti 2008 yilgi Buxarestdagi NATO sammitiga o‘xshamagan qo‘shma bayonot ishlab chiqdi. G7 deklaratsiyasi NATO sammitiga bag‘ishlangan edi, chunki Ukrainaning NATOga qo‘shilishi masalasi xavfsizlik kafolatlari masalasi bilan bog‘liq. Ikkalasi ham mustaqil Ukraina qanday qilib dushman Rossiya bilan birga tinchlik va xavfsizlikda yashashi mumkinligi haqidagi murakkab savolni hal qilishga qaratilgan. Shuning uchun G7 bayonoti Ukraina xavfsizligini mustahkamlash yo‘lida oldinga tashlangan qadam bo‘lsa, ajabmas.

Deklaratsiya Ukrainaga o‘z yo‘lini tanlash, G‘arbga qo‘shilish va tajovuzdan xoli bo‘lish huquqini tasdiqlaydi. Ammo u bo‘lajak Kreml provokatsiyalaridan himoyani ta’minlaydigan G7 kollektiv harakatlarini taklif qilmaydi; Buning o‘rniga u Ukraina va alohida G7 davlatlari o‘rtasida ikki tomonlama kelishuvlarni rag‘batlantiradi. U Ukrainani yirtqich Kremlning ishtahani ochmaydigan nishoniga aylantirish uchun uni qurol bilan ta’minlashga urg‘u beradi. Bu o‘rinli tushuncha, ammo G7 mamlakatlari Kremlning kelajakdagi tajovuzkorligiga kuchli javob berish uchun haqiqiy kafolatdan ko‘ra samarali emas. Shunga qaramay, hatto bu qadam G7ning Buyuk Britaniya va Fransiyadan tashqari barcha mamlakatlari Ukrainaga Rossiya kuchlariga hal qiluvchi zarba berish uchun zarur bo‘lgan yanada ilg‘or qurollarni yuborishni istamaganligi sababli buzilishi ham mumkin.

Shunday bo‘lsada, 12 iyul kuni Litva poytaxti Vilnyusda yakunlangan NATO sammitida ukrainalik uchuvchilarni G‘arb qiruvchi samolyotlarida parvoz qilishga o‘rgatish bo‘yicha memorandum imzolandi. Unda Daniya, Niderlandiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Shvetsiya va Kanada ishtirok etishga rozi bo‘ldi. Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham tashkilot yoz oxirigacha Ukraina uchuvchilarini Amerikaning F-16 samolyotlarida uchishga tayyorlay boshlashini ma’lum qildi. Ruminiya esa bu ishni avgust oyidanoq boshlashi mumkin.

Mazkur harakatlar Kiyevga qiruvchi samolyotlarni yetkazishga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilishi ta’kidlangan. Ammo samolyotlar aynan qachon yetkazib berilishi ochiqlanmagan.

Rasmiy Moskva esa Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlari topshirilishini yadroviy tahdid deb baholadi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar va NATO bu harakat orqali Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli to‘qnashuv xavfini oshirgan. Lavrov buning oqibatlari “halokatli” bo‘lishidan ogohlantirgan.

“Harbiy harakatlar davomida bizning harbiylarimiz ushbu turdagi har bir samolyot yadro qurolini yetkazib berish uchun jihozlangan yoki yo‘qligini ajratib o‘tirmaydi. Ukraina Qurolli kuchlarida bunday tizimlarning paydo bo‘lishi bizga nisbatan G‘arbning yadroviy sohadagi tahdidi sifatida ko‘rib chiqiladi”, deydi Lavrov.

Shuningdek, Rossiyaning Ukraina urushida yadro qurolidan foydalanish ehtimoli haqida berilgan savolga javoban, Lavrov bunday holat ssenariysi Rossiyaning harbiy doktrinasida aniq belgilanganini eslatgan.

“Shu bilan birga, AQSH va uning NATOdagi ittifoqchilari Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli to‘qnashuv xavfini yuzaga keltirayotgani va bu halokatli oqibatlarga olib kelishiga e’tibor qaratmoqchiman”, deya qo‘shimcha qiladi u.

Rossiyalik ekspertlar ham NATO qo‘shma bayonotsini Kiyev uchun ijobiy baholamaydilar. Biroq, Fransiyaning Ukrainaga SCALP uzoq masofali raketalarini yuborish qaroridan keyin ularning haqiqiy g‘azabi Parijga qaratilgan. Bu Fransiyaning Vashington bilan kelishmovchiliklarini ta’kidlaydi. Fransiya prezidenti Emmanuyel Makronning jasorati mamnuniyat bilan qabul qilinadi, ammo AQSH rahbariyati berayotgan yordamning o‘rnini bosa olmaydi.

Atlantic Council aql markazi ekspertlari Vilnyus sammiti haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi. Aksar ekspertlarning xulosalari deyarli o‘xshash bo‘lib, ular NATO davlatlarining Ukrainaga munosabatini va G7 davlatlari tomonidan ishlab chiqilgan deklaratsiyani kutilmagan hodisa sifatida baholashdi. Ularning fikricha, bu sammit 2008 yildagi Buxarest sammitidan deyarli farq qilmaydi. “G7ning Ukraina bo‘yicha Qo‘shma bayonoti chiqdi. Bu 5 moddadagi xavfsizlik kafolati emas. Bu Ukraina bilan harbiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ikki tomonlama hamda G7 kelishuvlaridagi majburiyatlar bo‘yicha muzokaralar uchun asosdir. U kelajakda Rossiya qurolli hujumi sodir bo‘lgan yoki harbiy va boshqa turdagi yordamni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan taqdirda Ukraina bilan maslahatlashish va’dasini o‘z ichiga oladi. O‘z navbatida, Ukraina bayonotda demokratik va qonun ustuvorligini o‘zgartirishni, shuningdek, harbiy islohotlarni davom ettirish majburiyatini ham olishi mumkin. Ta’kidlash joizki, bayonot NATOga a’zolikning o‘rnini bosmasligi, balki Ukrainaga bu maqsad sari intilishda yordam berish niyatida ekanligi aniq ko‘rsatilgan”, – deya fikr bildirdi Atlantic Council’ning Yevroosiyo bo‘yicha kengashi direktori Jon Herbst. 

2003-2006 yillarda AQSHning Ukrainadagi elchisi bo‘lib ishlagan Jon Herbstning so‘zlariga ko‘ra, “Vilnyusning rasmiy bayonotida yetishmayotgan narsa Ukrainaning a’zo bo‘lishi uchun har qanday aniq yo‘ldir”. “G‘ayrioddiy NATO olamida, NATO-Ukraina komissiyasining "Kengash" maqomiga ko‘tarilishi va Ukraina uchun rasmiy a’zolik harakat rejasi talablarining olib tashlanishi muhim voqealardir. Ammo bu hech qanday siyosiy zarba bermaydi. Shuningdek bu a’zolik masalasida haqiqiy taraqqiyot sifatida qaralmaydi”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Biroq, mutaxassislar sammitining yutug‘i sifatida Shvetsiya va Findlyandiyaning alyansga qabul qilinishini, shuningdek alyansning shimoliy sharqiy qismi ancha mustahkamlanganini keltirib o‘tishmoqda. 

“Vilnyus sammitining eng muvaffaqiyatli elementi NATOning Rossiya bilan oldingi chizig‘ida, shimoldan O‘rta er dengizigacha bo‘lgan to‘siqni kuchaytirish edi. Tez orada Finlyandiya va Shvetsiya bilan birga Rossiya agressiyasiga qarshi mustahkam himoya chizig‘i yaratiladi. Rossiyaning strategik muvaffaqiyatsizligi haqida aniqroq dalil yo‘q. O‘tgan yili kelishilgan NATO kuchlarining yangi modeli davlatlar uchun urush davridagi o‘ziga xos majburiyatlari va NATOning yalpi ichki mahsulotning mudofaa xarajatlarining 2 foizini qondirish uchun rag‘batlarga aniqlik kiritadi”, deya ta’kidlaydi aql markazi xodimi Deniyel Frid.

Shuningdek sammitda Belarus masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. “Rossiya Yevro-Atlantika xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatidagi roli uchun markaz tomonidan tan olinishga loyiq bo‘lgani kabi, Belarus ham uning yonida bo‘lishga loyiqdir. Belorussiyaning mintaqaviy xavfsizlikka tahdid va Ukrainadagi sababsiz urushning sherigi sifatidagi roliga e’tibor bermaslik xato bo‘ladi. NATO Belorussiyadan kelayotgan tahdidni aql bilan tan oldi va Belarusning Rossiya tomonidan uyushtirilayotgan urush harakatlariga o‘z hududi va infratuzilmani ruxsat berish orqali yordam berganini qoraladi”, deydi AQSHning Polshadagi sobiq elchisi Deniyel Frid.

Xulosa qilib aytganda, NATOning Vilnyusdagi sammiti garchi kutilgan natijalarni bermagan bo‘lsada, Ukraina, Shvetsiya va Finlandiya uchun ancha foydali deklaratsilarning qabul qilinishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, Ukrainani Rosiya tajovuzlaridan ximoya qilishning qonuniy asoslarini ham yaratdi.

Avazbek Mo‘ydinov


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ukraina Vilnyus sammiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing