AQSH Turkiyaga tahdid qilmoqda

Olam

image

Oq uy turk shirkatlari va shaxslariga qarshi sanksiyalar joriy etishga tayyorligini bildirib, Anqarani ogohlantirdi. Bunday tahdidlarga Turkiyaning Rossiya va HAMAS bilan yaxshi munosabatlari sabab bo‘lgan. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi

Qayd etilishicha, cheklovchi choralar Moskvaga G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun javob bo‘ladi. Bundan tashqari, AQSH Moliya vaziri o‘rinbosari Brayan Nelsonning aytishicha, HAMASning yangi hujumlarida Anqaraning moliyaviy izi aniqlangan taqdirda ham Turkiyaga cheklovlar joriy etiladi.

"Biz buni to‘xtatish uchun qo‘limizdan kelganini qilishga qaror qildik va buni Turkiya bilan hamkorlikda amalga oshirishni xohlaymiz, lekin biz bir tomonlama harakat qilishga ham tayyormiz", deb tahdid qilgan siyosatchi.

Shuningdek, Brayan Nelson kecha, 30 noyabr kuni Turkiya rasmiylari bilan AQSHning HAMAS Turkiyada mablag‘ yig‘ayotgani, ehtimol bu mamlakat qonunlarini buzayotgani haqidagi chuqur xavotirlarini muhokama qilganini aytgan.

“Turkiya HAMASni moliyalashtirishda muhim o‘rin tutadi va aftidan, bu guruh rahbariyati Isroil bilan davom etayotgan urush fonida pul oqimini oshirishi kerak”, deydi u.

Ta’kidlash joizki, aksariyat G‘arb mamlakatlari va Fors ko‘rfazi davlatlaridan farqli o‘laroq, Turkiya HAMASni terrorchi guruh deb hisoblamaydi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an so‘nggi haftalarda G‘azoning bombardimon qilinishi ortidan HAMASni “ozodlik jangchilari”, Isroilni esa “terrorchi davlat” deb atagan.

Qayd etilishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari 7 oktyabr kuni Isroilga hujumi ortidan HAMASni moliyalashtirishni cheklash maqsadida Turkiyadagi bir qancha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan.

Nelsonning aytishicha, Turkiya donorlar, xayriya va notijorat tashkilotlardan pul yig‘ish uchun HAMASning o‘tmishdagi harakatlariga sherik bo‘lgan.

“Turkiya HAMASni qonuniy tashkilot deb hisoblasa ham, bu tashkilot Turkiya qonunlarini buzayotgan bo‘lishi mumkin. Turkiya, AQSH sanksiyalaridan qat’i nazar, o‘z huquq-tartibot idoralari yordamida bu muammoni hal qilish uchun yetarli imkoniyatlarga ega”, degan AQSH Moliya vaziri o‘rinbosari.

Nelson, shuningdek, Rossiyaga sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan tovarlar savdosida yordam berishda gumon qilingan turk tashkilotlariga nisbatan yangi Amerika sanksiyalarini joriy etish imkoniyatini ham ko‘targan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Turkiya HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing