AQSH Turkiyadagi siyosiy ta’qiblardan xavotir bildirdi
Olam
−
16 dekabr 2022
3897Turkiya sudining Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘liga nisbatan ikki yilu yetti oylik qamoq jazosi va siyosiy faoliyatni taqiqlagan hukmidan Amerika Qo‘shma Shtatlari chuqur xavotirda va hafsalasi pir bo‘lgan. Bu haqda kecha, 15 dekabr kuni AQSH Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan bayonotda so‘z borgan.
Bayonotdaa qayd etilishicha, sud hukmi inson huquqlari, asosiy erkinliklari va qonun ustuvorligiga rioya qilishga zid.
Gap shundaki, Istanbul sudi joriy yilning 14 dekabr kuni shahar meri Ekrem Imomo‘g‘li ishi bo‘yicha hukm chiqardi va uni Markaziy saylov komissiyasi vakillarini haqorat qilgani uchun ikki yilu yetti oyga ozodlikdan mahrum qildi.
Davlat departamenti ushbu sud hukmini baholarkan, mamlakatda jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollari va siyosatchilarga ta’qiblar davom etayotganini urg‘uladi.
“Biz Turkiyada fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari, siyosiy va biznes rahbarlariga nisbatan davom etayotgan sud ta’qiblaridan, jumladan, sudgacha qamoqqa olish, terrorizmni qo‘llab-quvvatlash haqidagi haddan tashqari keng da’volar va jinoiy haqorat ishlaridan jiddiy tashvishdamiz”, deyiladi bayonotida.
Shuningdek, hujjatdaa Turkiya xalqi o‘z insoniy huquqlari va asosiy erkinliklarini jazodan qo‘rqmasdan amalga oshirish qobiliyatiga loyiqligi urg‘langan.
“So‘z erkinligini amalga oshirish, tinch yig‘ilishlar va namoyishlar o‘tkazish huquqi Turkiya Konstitutsiyasida, xalqaro huquq majburiyatlarida va Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti majburiyatlarida mustahkamlangan”, deb munosabat bildirmoqda AQSH tashqi idorasi.
Departament hukumatni jinoiy "haqorat" qonunlari bo‘yicha ta’qib qilishni to‘xtatishga va barcha turk fuqarolarining huquq va erkinliklarini hurmat qilishga, shu jumladan ommaviy muhokamalar uchun ochiq muhitni ta’minlashga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, sud hukmi yuqori organ tomonidan tasdiqlansa, Imomo‘g‘li siyosiy faoliyatga 5 yillik taqiq qo‘yilgani sababli o‘z lavozimidan ayrilishi mumkin.
Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi vakili Imomo‘g‘liga qarshi ish 2019 yilgi Istanbul hokimligi uchun o‘tkazilgan saylovlardan keyin qo‘zg‘atilgan. U 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Erdo‘g‘anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan nomzod va sobiq Bosh vazir Binali Yildirimga raqib bo‘ldi. Biroq, Yildirim va uning partiya shahar hokimligi uchun o‘tkazilgan saylov natijalarini rad etdi, MSK tomonidan bekor qilingan birinchi saylovda ham, 23 iyun kuni o‘tkazilgan ikkinchi saylovda ham Ekram Imomo‘g‘li g‘alaba qozondi. Ayniqsa, ikkinchi saylovda yuqori ustunlik bilan muvaffaqiyatga erishdi.
Imomo‘g‘li saylovda g‘alaba qozongach, 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan saylovni bekor qilganlarni "ahmoqlar" deb atadi.
LiveBarchasi