AQSH terrorchilarga yordam berishni to‘xtatishi kerak – Erdo‘g‘an
Olam
−
01 noyabr 2021 7769 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an AQSH Suriyada kurd terrorchilik tashkilotlariga hozirgacha berib kelgan yordamini to‘xtatishiga ishonch bildirdi. Bu haqda Turkiya rahbari Rimdagi G20 sammiti yakunida aytdi.
“Ushbu sammitda amerikalik hamkorlarimiz bilan muloqotlar chog‘ida “Kurdiston ishchilar partiyasi”, “O‘z-o‘zini himoya qiluvchi xalq kuchlari” terrorchi tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlayotgani munosabati bilan afsusda ekanimizni bildirdik. Bu NATOdagi munosabatlarimizga putur yetkazishini, birdamligimizni buzishini aytdik. Ishonchim komilki, kelajakda AQSHdan boshqa bunday yordam bo‘lmaydi”, degan Erdo‘g‘an.
Shuningdek, u Turkiya va AQSH Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari o‘rtasida Suriya masalalari, jumladan, ushbu terrorchi tashkilotlarining Suriyadagi faoliyati bo‘yicha aloqalarni faollashtirishga kelishib olinganini aytgan.
Erdo‘g‘an Turkiya armiyasining Afg‘onistondan olib chiqilishi masalasi haqida gapirarkan, Anqara u yerda bo‘lib o‘tgan voqealar va sharoitlarni hisobga olgan holda buni qilishga majbur bo‘lganini ta’kidlagan. Bu masala Amerika tomoni bilan Rimda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ham ko‘tarilgan.
“Bundan keyin qanday davom etishimizni biz va hamkorlarimiz, xususan Qatar keyingi voqealardan bilib olamiz. “Tolibon” hozir Turkiyaning Afg‘onistondagi elchixonasi orqali biz bilan muzokaralar olib bormoqda. Ammo yo‘l xaritasi qanday bo‘ladi, bundan keyin qanday qadamlar qo‘yamiz, vaziyatning rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi”, degan Erdo‘g‘an.
Avvalroq Erdo‘g‘an Turkiya Qurolli Kuchlari agar zarurat tug‘ilsa, Idlibda Suriya armiyasiga qarshi og‘ir qurol ishlatishini aytgandi.
Live
Barchasi