AQSH Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaydi – Blinken
Olam
−
19 iyun 2023
12894AQSH Pekinning Tayvan bo‘g‘ozidagi harakatlaridan xavotirda va u Tayvan bo‘yicha kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 19 iyun kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Xitoyning Tayvan bo‘g‘ozidagi, shuningdek, Sharqiy Xitoy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi provokatsion harakatlari to‘g‘risida tobora ko‘proq mamlakatlar ma’lum qilmoqda. Men bu boradagi AQSHning xavotirlarini bildirdim”, degan Blinken.
Uning aytishicha, AQSH Tayvan masalasida “yagona Xitoy” tamoyilini qo‘llab-quvvatlaydi va shu bilan birga, status-kvoning har qanday o‘zgarishiga ham qarshi.
“Biz tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etishni intiqlik bilan kutishda davom etamiz”, deydi AQSH Davlat kotibi.
Shuningdek, Blinken Xitoydagi uchrashuvlarda Vashington Tayvan bo‘g‘ozidagi bir tomonlama harakatlarga qarshi ekanini va Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamasligini takrorlagan. Unga ko‘ra, Tayvan atrofidagi inqiroz butun dunyoga ta’sir qiladigan iqtisodiy inqirozga olib keladi.
Blinkenning bildirishicha, uning Xitoydagi aloqalari mazmunli, samimiy va konstruktiv bo‘lgan.
“Mana, Xitoyda men Rais Si Szinpin bilan muhim muzokaralar o‘tkazdim. Men hamkasblarim [Kommunistik Partiya Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi] Van I va [Xitoy Tashqi ishlar vaziri] Sin Gang bilan samimiy, mazmunli va konstruktiv muzokaralar o‘tkazdim”, degan AQSH Davlat kotibi matbuot anjumanida.
Blinkenning qo‘shimcha qilishicha, Vashington va Pekin munosabatlarni barqarorlashtirish zarurligi haqida kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 iyun kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Pekinga rasmiy tashrifi doirasida Xitoy Tashqi ishlar vaziri Sin Gang bilan uchrashgandi. Besh yarim soat davom etgan uchrashuv chog‘ida Sin Gang Pekin-Vashington munosabatlari ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan beri eng past darajaga yetgani hamda bu holat Xitoy va AQSH xalqlari manfaatlariga javob bermasligini aytdi. Bugun, 19 iyun kuni esa Blinken Kommunistik Partiya Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi Van I va Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashdi. Blinken bilan uchrashuvda Van I Qo‘shma Shtatlarni Xitoyning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirgan bo‘lsa, Si Szinpin 35 daqiqa davom etgan suhbatda AQSH Davlat kotibining mazkur tashrifi Pekin-Vashington munosabatlarini barqarorlashtirishga yanada ijobiy hissa qo‘shishiga umid bildirdi.
LiveBarchasi