AQSH Suriyaga qarshi sanksiyalarning bir qismini to‘xtatdi
Olam
−
24 may
1436Amerika Qo‘shma Shtatlari Suriyaga qarshi 2019 yilda joriy etilgan sanksiyalarning bir qismini 180 kunga to‘xtatdi. Bu haqda AQSH davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.
Bildirilishicha, gap “Sezar qonuni” doirasida qabul qilingan sanksiyalar haqida bormoqda. Ushbu istisnolar Suriya bo‘ylab elektr ta’minoti, sanitariya holati va suv bilan ta’minlashni yaxshilash, shuningdek, insonparvarlik yordamini samaraliroq ko‘rsatishga xizmat qiladi.
“Bugungi qarorlar Prezident Donald Trampning AQSH va Suriya o‘rtasidagi yangi munosabatlar haqidagi konsepsiyasini amalga oshirish yo‘lidagi birinchi qadamdir. Prezident Suriya hukumatiga mamlakat ichkarisida va qo‘shnilari bilan munosabatlarda tinchlik va barqarorlikka erishish uchun imkoniyat bermoqda”, dedi Rubio.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Suriya hukumatidan “yordam evaziga muhim siyosiy ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tezkor harakatlar” kutmoqda. Istisno shuni ta’minlash uchun kiritildi-ki, sanksiyalar Vashington hamkorlarining Suriyada barqarorlikni mustahkamlashga va qayta tiklash sa’y-harakatlarini ilgari surishga yo‘naltirilgan investitsiyalariga to‘sqinlik qilmasin.
Ma’lumot uchun, 2019 yilda – o‘zining birinchi prezidetnlik muddatida Donald Tramp tegishli farmonni imzolagan bo‘lib, u Suriya mojarosini siyosiy yo‘l bilan hal qilishga to‘sqinlik qilayotgan uchinchi tomonlarga qarshi kengroq sanksiyalar joriy etish imkonini bergan. 2020 yil iyun oyida kuchga kirgan “Sezar qonuni” Damashqning ittifoqchilari va ularni qo‘llab-quvvatlovchilarga qarshi cheklovlarni mustahkamlab, kengaytirgan.
Qonunga ko‘ra, quyidagilar sanksiyalarga sabab bo‘lishi mumkin:
- Suriyaga neft-gaz sanoatini rivojlantirishda yordam beruvchi tovar, xizmat, texnologiya yoki ma’lumot yetkazib berish;
- Harbiy maqsadlarda foydalanilishi mumkin bo‘lgan samolyotlar yoki ularning qismlarini Damashqqa yetkazib berish;
- Mudofaa, qurilish va muhandislik sohalarida xizmat ko‘rsatish.
“The Wall Street Journal”ga ko‘ra, yanvar oyida AQSH hukumati insonparvarlik yuklarini Suriya hududiga yarim yil davomida soddaroq tartibda yetkazishga ruxsat berish masalasini ko‘rib chiqqan. Bu yuklar uchun AQSH hukumati maxsus ruxsatnomasini olish talab qilinmaydi, biroq ularni faqat belgilangan maqsadlarda ishlatish kafolatlanishi kerak bo‘ladi.
AQSH Moliya vazirligi bungacha Suriyaning ayrim shaxs va tashkilotlariga qarshi ilgari qo‘llanilgan moliyaviy operatsiyalarga ruxsat beruvchi litsenziya chiqargan. Ularga “Suriya havo yo‘llari”, Markaziy bank hamda neft va gaz kompaniyalari, shu bilan birga muvaqqat prezident Ahmad ash-Shara ham kirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlash va “unga ikkinchi imkoniyat berish”ga va’da berdi. Uning aytishicha, bu cheklovlar “qat’iy va falokat darajasida” bo‘lgan, ammo o‘z vazifasini bajargan.
Keyinroq esa Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan shaxsan uchrashdi. Uchrashuvda Tramp yana bir bor AQSHning Suriya bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilishini e’lon qilgan. Bu qaror Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmondan kelgan iltimosga binoan amalga oshirilgan.
LiveBarchasi