AQSH Suriyadagi 3 ta harbiy bazasini yopadi
Olam
−
18 aprel
1791AQSH Suriyadagi harbiy kontingentini 2000 dan 1400 askargacha qisqartirmoqda. Shuningdek, Mission Support Site Green Village, MSS Euphrates va yana bir kichik baza yopilishi rejalashtirilgan. Bu haqda manbalarga tayanib, “The New York Times” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 60 kun ichida AQSH harbiy qo‘mondonligi mamlakatdagi vaziyatni qayta baholaydi va qo‘shinlar sonini yanada kamaytirish masalasini ko‘rib chiqadi. Harbiy ofitserlar Suriyada kamida 500 nafar amerikalik harbiy qolishi kerakligini tavsiya qilgan.
Nashrning yozishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp Suriyada har qanday AQSH harbiy kuchlarini saqlab qolish g‘oyasiga shubha bilan qaraydi.
Shunga o‘xshash xabarni NBC News ham fevral oyida tarqatgan. Unda Pentagon 30, 60 va 90 kunlik muddatlarda harbiylarni olib chiqish bo‘yicha rejalar ustida ish olib borayotgani aytilgan.
“Biz kuchlarimizni doimiy ravishda operativ ehtiyojlar va kutilmagan vaziyatlarga qarab qayta taqsimlab boramiz”, deya izoh bergan Pentagon ushbu xabarlarga.
Ma’lumot uchun, AQSHning Suriyadagi asosiy missiyasi ISHID terroristik guruhiga qarshi kurashishdan iborat. Bundan tashqari, AQSH Turkiya tomonidan terrorchi deb hisoblanadigan kurdlarning “Suriya Demokratik Kuchlari”ni (SDF) qo‘llab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Isroilni yaqin ikki oy ichida Suriyadan qo‘shinlarni bosqichma-bosqich olib chiqish rejalari haqida ogohlantirgani xabar qilingandi. Isroil esa bu qarorni to‘xtatishga urinmoqda, chunki u AQSH kuchlarining ketishi Turkiyaga mintaqadagi ta’sirini kengaytirishga yo‘l ochishidan xavotirda.
LiveBarchasi