Tramp Si Szinpinga yangi savdo bojlari bilan tahdid qildi. Xitoyning javobi o‘zini uzoq kuttirmadi
Olam
−
11 iyun 2019
4758AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin “yigirmatalik” davlatlar rahbarlari sammitiga kelmasa “osmon osti” mamlakati mahsulotlariga yangi bojlar joriy qilish bilan tahdid qildi.
Xitoy tomonining javobi ham uzoq kuttirmadi. Xitoy savdo urushini istamaydi, ammo undan qo‘rqmaydi ham, deya ta’kidladi XXR tashqi ishlar vaziri Gen Shuan.
Shuningdek, u Donald Trampning XXR raisi Si Szinpin G20 sammitida qatnashmasa Xitoy mahsulotlariga yangi bojlar joriy qilish to‘g‘risidagi tahdidiga munosabat bildirdi.
“Agar AQSH teng huquqli maslahatlashuvlarga tayyor bo‘lsa, eshigimiz ochiq. Agar AQSH keyinchalik ham savdo treninglarini eskalatsiya qilish niyatida bo‘lsa, biz qat’iy qaror qilamiz va oxirigacha kurashamiz”, degan Gen Shuan.
U Xitoy yetakchisi Yaponiyada o‘tadigan G20 sammitida Tramp bilan uchrashish bo‘yicha rejalari qandayligidan bexabarligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, savdo urushi bo‘yicha amerika-xitoy muzokaralarining so‘nggi raundi may oyi o‘rtalarida besamar yakunlandi. Yetmaganiga AQSH 200 mlrd dollarga yaqin Xitoy tovarlariga bojlarni 10 foizdan 25 foizga oshirdi.
Shuningdek, Tramp Xitoydan import qilinuvchi 300 mlrd dollarga teng barcha mahsulotga bojlarni oshirish jarayonini boshlash bo‘yicha topshiriq bergan.
AQSH bojlariga javoban Xitoy joriy yil 1 iyundan Amerikadan import qilinuvchi 60 mlrd dollarga teng mahsulotlarga boj joriy qilganini bildirdi.