Tramp mis importiga 50 foizlik boj e’lon qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp savdo kelishmovchiligini yanada kuchaytirmoqda. Kecha, 8 iyul kuni Oq uyda o‘tkazilgan yig‘ilishda u mis importiga 50 foizlik boj joriy etish va dori-darmonlarga tariflarni 200 foizgacha oshirish rejasini ma’lum qildi.

Bu bayonotdan so‘ng xalqaro bozorlarda mis narxi keskin oshib, har tonnasi 12 330 dollarga yetdi. Shu bilan birga, Tramp dori vositalari importiga 200 foizlik boj qo‘llash bilan tahdid qildi, biroq ishlab chiqaruvchilarga o‘z ishlarini “yo‘lga qo‘yish” uchun bir yillik muhlat berilishini aytdi.

Hozircha mis importiga yangi tariflarning qaysi sanadan boshlab kuchga kirishi aniq emas. Bu qarorlar avval joriy etilgan temir, alyuminiy va avtotransport vositalari importiga bojlarga qo‘shimcha bo‘ladi. Shu bilan birga, Tramp 7 iyul kuni Yevropa Ittifoqi va boshqa ayrim davlatlardan keladigan tovarlarga tariflarni oshirishni 1 avgustgacha kechiktirdi. Bu choralar 8 iyuldan kuchga kirishi kerak edi.

Oq uy maqsadi – AQSHda mis ishlab chiqarishni rag‘batlantirish

Mis elektromobillar, qurol-yarog‘ va elektr tarmoqlari uchun muhim xomashyo hisoblanadi. AQSH ma’muriyatining aytishicha, uning importiga bojni oshirish orqali mamlakatda ichki ishlab chiqarishni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Yel universiteti qoshidagi The Budget Lab tahliliy markazi tadqiqotiga ko‘ra, hozirgi paytda amal qilayotgan 17,6 foizlik bojning o‘ziyoq AQSH iste’molchilari uchun jiddiy salbiy ta’sirlarni keltirib chiqargan. Bu ko‘rsatkich 1934 yildan beri eng yuqori darajani tashkil qiladi.

Shu bilan birga, Vashington bojlar orqali olinayotgan katta daromadlarga e’tibor qaratmoqda. AQSH Moliya vaziri Skot Bessentning aytishicha, mamlakat bojlar orqali hozirgacha 100 milliard dollar yig‘gan va yil oxirigacha bu summa 300 milliardga yetishi mumkin.

Biroq Yevropa Ittifoqi agar muzokaralar samara bermasa, javob choralari ko‘rish bilan tahdid qilmoqda.

Trampning YeI bilan savdo urushi 

Donald Tramp 4 aprel kuni deyarli butun dunyo davlatlariga nisbatan keng ko‘lamli boj to‘lovlari joriy etilishini e’lon qilgan edi. Keyinchalik u 90 kunlik kechiktirishni joriy qilgan, bu muddat 8 iyul kuni tugashi kerak edi. Hozirgi kunda YeIdan keltirilayotgan ko‘plab mahsulotlar uchun asosiy tarif 10 foizni tashkil qiladi. Yevropa avtomobillari 25 foizlik oshirilgan boj bilan, po‘lat va alyuminiy esa 50 foizlik boj bilan soliqqa tortiladi. Tramp, agar Yevropa Ittifoqi kelishuvga bormasa, YeIdan keltiriladigan barcha tovarlarga 50 foizlik tarif joriy etilishini aytgan.

6 iyul kuni Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu suhbat yakunlariga ko‘ra, u shunday bayonot berdi: Yevropa Ittifoqi yaqin kunlarda AQSH bilan boj masalasida kelishuvga erishishga umid qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Evropa Ittifoqi boj savdo urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing