AQSH Shimoliy Koreyani qo‘llab-quvvatlagan Tornado Cash asoschisini jazoladi
Olam
−
24 avgust 2023 4570 2 daqiqa
AQSH Adliya vazirligi anonim kriptovalyuta almashish xizmati Tornado Cash asoschisi Roman Semenovni 1 milliard dollarlik kriptovalyutalarni o‘zlashtirishda, jumladan Shimoliy Koreya uchun millionlab pullarni yuvishda ayblamoqda. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.
Kecha, 23 avgust kuni AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi Tornado Cash`ning uchta hammuassisidan biri Roman Semenovga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ikkinchi hammuassis Roman Shtormni FQB qo‘lga oldi. Sheriklardan uchinchisi Aleksey Persev esa avvalroq, 2022 yilning avgust oyida Gollandiyada pul yuvishda ayblanib qamalgan edi.
AQSH Adliya departamenti Semenov va Shtormni litsenziyasiz pul o‘tkazmalari biznesini yuritish, pularni noqonuniy o‘zlashtirish va sanksiyalarni buzish bo‘yicha ish olib borishda aybladi.
Loyiha AQSH G‘aznachiligi tomonidan qattiq sanksiyalar ostida qoldi, chunki departament uni kripto birjalaridan pul o‘g‘irlashdagi asosiy vosita, deb hisoblaydi. Xususan, 2019 yilda AQSH tomonidan sanksiyaga uchragan Lazarus Group Tornado Cash`dan 2022 yil mart oyida Axie Infinity’ga qilingan hujumda o‘g‘irlangan 455 million dollardan ortiq pul o‘tkazmasini yashirish uchun foydalangan. Bu bugungi kundagi eng yirik virtual valyuta o‘g‘irligidir. Ushbu guruh 2022 yilning 24 iyunida Harmony kompaniyasidan 96 million dollar, 2022 yilning 2 avgustida Nomad kompaniyasidan kamida 7,8 mln dollarni o‘zlashtirish uchun ham Tornado Cash'dan foydalangan.
“Semenov Shimoliy Koreya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Tornado Cash va Lazarus Group xakerlik guruhiga moddiy yordam ko‘rsatishdagi roli uchun jazolandi”, deyiladi AQSH Moliya vazirligi bayonotida.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, daromad Shimoliy Koreyaning noqonuniy ballistik raketa, yadro quroli dasturlarini qo‘llab-quvvatlash uchun sarflanadi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH moliyaviy va sarmoyaviy konglomerat Alfa Group va Rossiya biznes assotsiatsiyasiga aloqador bo‘lgan to‘rt rossiyalik milliarderga yangi sanksiyalar kiritdi.