AQSH Saudiya bilan 142 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ bitimini imzoladi

Olam

image

Bugun, 13 may kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida 142 milliard dollarlik qurol-yarog‘ bo‘yicha bitim imzolandi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.

“Bu tarixdagi eng yirik qurol savdosi bitimidir – qariyb 142 milliard dollar miqdorida. U Saudiya Arabistoniga zamonaviy harbiy texnika yetkazib berishni, shuningdek, AQSHning o‘ndan ortiq mudofaa kompaniyalari tomonidan xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi”, deyiladi xabarda.

Telekanalga ko‘ra, bitim doirasida harbiy xizmatchilarni tayyorlash, qurol tizimlarini xizmat ko‘rsatish va modernizatsiya qilish, o‘q-dorilar va ehtiyot qismlar yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik ko‘zda tutilgan.

“The Guardian” nashrining aniqlik kiritishicha, bu bitim Saudiya Arabistonining AQSH iqtisodiyotiga 600 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritish bo‘yicha majburiyatlarining bir qismi hisoblanadi. Donald Tramp mamlakatga tashrifi chog‘ida Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Solmon bilan strategik iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha bitim imzolagan.

Shuningdek, tomonlar energetika, kosmik tadqiqotlar, foydali qazilmalarni qazib olish, texnologiyalar va yuqumli kasalliklarga qarshi kurash sohalarida ham kelishuvlarga erishgan. Jumladan, Saudiyaga 14,2 milliard dollarlik gaz turbinalari va boshqa energetika xizmatlari, 4,8 milliard dollarlik Boeing-737 yo‘lovchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha bitimlar imzolangan.

“Al Arabiya”ning qayd etishicha, AQSHning Saudiya Arabistonidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari 2024 yilda 15,3 milliard dollarni tashkil etgan. Xuddi shu yilda ikki tomonlama savdo hajmi 32 milliard dollarga yetgan – bu mablag‘ning 13 milliard dollari AQSHga Saudiya eksporti, 19 milliard dollari esa AQSHdan import qilingan mahsulotlarga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp bugun, 13 may kuni Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgandi. Tramp mazkur safar davomida foydali savdo bitimlari tuzish va Fors ko‘rfazidagi boy mamlakatlardan AQSH iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilishga e’tibor qaratishi aytilmoqda. Xususan, AQSH Prezidenti Saudiya Arabistonidan o‘z mamlakati iqtisodiyotiga 1 trillion dollarlik investitsiya va’dasini kutayotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Saudiya Arabistoni qurol-yarog' bitimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing