AQSH Saudiya Arabistoni shahzodasini jurnalistning o‘limi uchun sudga tortmaydi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonni jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha sud jarayonidan dahlsizligi haqida qaror chiqardi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Qoshiqchi 2018 yilning oktyabr oyida Saudiya Arabistoni agentlari tomonidan Istanbuldagi Saudiya konsulligida o‘ldirilgan. Uning jasadi bir necha qisimga bo‘lib tashlangan edi. Razvedka ma’lumotlariga tayaniladigan bo‘lsa, ushbu qotillik ishi Saudiya Arabistoni shahzodasining buyurtmasiga binoan amalga oshirilgan.

AQSHning mazkur qaroriga marhumning sobiq qallig‘i Xatije Jengiz Twitter’dagi sahifasida munosabat bildirib, AQSHdan adolat kutganini, ammo pul baribir birinchi o‘ringa chiqqanini iddao qildi.

“Jamol bugun yana bir bor vafot etdi. Biz AQSH adolatni ustun qo‘yar, deb umid qilgan edik. Biroq yana pul birinchi o‘ringa chiqdi. Bu Jamol va menga notanish dunyo”, deb yozdi u. 

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining yozma bayonotida Saudiya valiahd shahzodasining Jamol Qoshiqchi ishida dahlsiz  qolishi haqidagi qaror qonuniy deb atalgan.

“Bu Davlat departamenti tomonidan xalqaro huquqlarning uzoq yillik va mustahkam o‘rnatilgan tamoyillari asosida qabul qilingan qonuniy qaror”, deyiladi bayonotda.

AQSHning Kolumbiya okrugi sudiga topshirilgan hujjatda Adliya departamenti advokatlari “davlat boshlig‘i dahlsizligi doktrinasi xalqaro huquqda mustahkam ildiz otganini” yozgan. Ya’ni Muhammad bin Salmon ayni vaqtda Saudiyaning Qiroli vazifasini bajaruvchi hisoblanadi. Shu sababli u sudlanishga qarshi immunitetga ega.

Joriy yilning sentyabr oyi oxirida Saudiya Qiroli Salmon bin Abdul Aziz ol-Saudning farmoni bilan shahzoda Muhammad bosh vazir etib tayinlandi. Saudiya rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, Qirolning bu qarori valiahd shahzoda allaqachon bajarayotgan majburiyatlarga mos keladi.

Shahzodaning advokatlari esa uning dahlsiz shaxs ekanligiga ishonadi. Ular Vashingtondagi federal okrug sudidan 3-sonli petitsiya, ya’ni Qo‘shma Shtatlar xorijiy davlat rahbarining dahlsizligini tan olgan boshqa holatlarga asoslanib, shahzodaning Qoshiqchi ishi bo‘yicha sudga tortmaslikni so‘ragan.

Jo Bayden joriy yilning iyul oyida Saudiya Arabistoniga energiya va xavfsizlik masalalarini muhokama qilish uchun tashrif buyurganida valiahd shahzodani mushtlagani uchun tanqid qilingan edi. 

O‘shanda Oq uyning ma’lum qilishicha, Bayden shahzoda Muhammadga uni Qoshiqchining o‘limida aybdor deb bilishini aytgan.

MBC nomi bilan tanilgan shahzoda Qoshiqchini o‘ldirishga buyruq berganini rad etib kelardi, ammo keyinchalik bu ishni o‘zi nazorat qilganini tan olgan.

Qoshiqchi “The Washington Post” gazetasida valiahd shahzodaning yuritayotgan siyosatini tanqid qilgan edi. U Turkiya fuqarosi Jengiz bilan turmush qurishiga kerak bo‘lgan hujjatlarni olish uchun Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligiga borgan. Ammo u konsulxonadan tirik chiqmagan.

Arab dunyosi demokratiyasi vakili Sara Li Uitsonning yozishicha, Bayden bir o‘zi Muhammad bin Salmon javobgarlikdan qutulib qolishiga ishontirgan. Ammo AQSH yetakchisi MBC’ni javobgarlikka tortishga va’da bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Muhammad bin Salmon Jo Bayden

Baholaganlar

101

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing