AQSH S-400 ZRMni sotib olayotgani uchun Turkiyaga qarshi qaror qabul qildi

Olam

image

AQSH F-35 qiruvchi samolyotlarini boshqarishni o‘rgatish dasturi bo‘yicha Turkiyadan harbiy uchuvchilarni qabul qilishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

AQSHning bunday qarorga kelishiga Turkiyaning Rossiyadan S-400 zenit raketa majmuasini (ZRM) sotib olayotgani sabab bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qaror AQSHga borgan turk uchuvchilariga taalluqli emas. Qaror Arizona shtati Lyuk shahridagi aviabazaga kelishi rejalashtirilayotgan navbatdagi uchuvchilar guruhiga tegishli.

AQSH harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Lyuk aviabazasida to‘rt nafar turk harbiy uchuvchilari tahsil olyapti. Yana ikki nafar Turkiyadan kelgan uchuvchilar amerika harbiy bazasida instruktor sifatida ishlayapti. Aviabazada harbiy samolyotlarning ekspluatatsiyasiga javobgar 20 nafar turkiyalik bor. Ular amerikalik mutaxassislar rahbarligida mashg‘ulotlar o‘tkazadi.

AQSH Turkiya ruslardan S-400 “Triumf” ZRMni sotib olmasligi uchun qattiq harakat qilyapti. Avvalroq, Turkiya Rossiyadan bu qurolni sotib olsa, Amerika rasmiy Anqaraga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotishdan bosh tortishini ma’lum qilgandi.

Turkiya AQSHga 30 ta F-35 qiruvchilarini buyurtma qilgan. Turklar bunday samolyotlardan jami 100 ta sotib olish niyatida.

F-35 – “stels” texnologiyasi qo‘llanilgan holda ishlab chiqarilgan va yadroviy qurolni tashiy olishga qodir samolyot hisoblanadi. Mazkur samolyot loyihasini yaratishda AQSH bilan birga sakkiz davlat: Avstraliya, Buyuk Britaniya, Daniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya va Turkiya ishtirok etgan. Shuningdek, Isroil va Yaponiya ham uni sotib oladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh-Turkiya F-35 S-400

Baholaganlar

92

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing