Hech kim menga nimani sotishni ayta olmaydi – Tramp F-35 haqida
Olam
−
28 iyul 3930 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlarining sotilishiga bildirgan e’tirozlariga munosabat bildirdi. Bu haqda u kecha, 27 iyul kuni Air Force One bortida jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Tramp Turkiyani “ajoyib ittifoqchi” deb atagan va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anni mintaqaviy masalalarda, jumladan, Suriyada “juda yaxshi ish” olib borgan “do‘sti” o‘laroq ta’riflagan.
“U mening do‘stim (Rajab Toyib Erdo‘g‘an) va hech kim menga nimani sotishimiz yoki sotishga haqqimiz yo‘qligini ayta olmaydi. Turkiya men uchun ajoyib ittifoqchi bo‘lib kelmoqda”, deydi AQSH yetakchisi.
Shuningdek, u Ankaraning Isroil yoki Netanyaxuga “katta ishqiboz emasligini” tan olgan holda, Vashington va Ankara o‘rtasidagi ikki tomonlama sheriklik mustahkamligicha qolayotganini qayd etgan. Tramp, shu bilan birga, Turkiya armiyasi “ajoyib” ekanini bildirgan.
“Juda katta qurolli kuchlar. Juda qudratli mamlakat”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Qayd etish joiz, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu joriy yil iyul oyi boshida Turkiya tomonidan Amerikaning F-35 qiruvchi samolyotlari xarid qilinishi Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatining buzilishiga olib kelishini aytgan edi. U “Turkiyaning tajovuzkor niyatlari borligini” qo‘shimcha qilgan. “Axios” ma’lumotlariga ko‘ra, Netanyaxu avvalroq Tramp bilan telefon orqali muloqotda undan respublika Harbiy-havo kuchlarini modernizatsiya qilish uchun Turkiyaga yangi qurol tizimlarini topshirishdan tiyilishni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, Turkiya 2017 yilda Rossiyadan S-400 tizimlarining to‘rtta partiyasini xarid qilganidan so‘ng F-35 dasturidan chiqarib yuborilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Turkiyada bo‘lib o‘tgan NATO sammitida Tramp Ankaraga F-35 sotishni qayta tiklash masalasini ko‘rib chiqishini aytgandi va Turkiyani “boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha sodiq” deb ta’riflagan edi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha “ijobiy pozitsiyani” egallagan.
Live
Barchasi