AQSH Rossiyaning energetika sektoriga jiddiy sanksiyalar kiritdi
Olam
−
10 yanvar
1563Jo Bayden boshchiligidagi AQSH ma’muriyati Rossiyaning energetika sektorini nishonga olgan yangi va jiddiy sanksiyalar paketini joriy etdi. Bu haqda AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakili jurnalistlar uchun o‘tkazilgan maxsus brifingda ma’lum qildi.
Bildirilishicha, bu cheklovlar hozirgacha Rossiyaning energetika sohasiga qaratilgan eng kuchli sanksiyalari hisoblanadi.
“Bu sanksiyalar Rossiya nefti va suyultirilgan tabiiy gaziga (SPG) qaratilgan bo‘lib, AQSH Prezidenti Jo Bayden va G7 yetakchilari tomonidan qabul qilingan majburiyatlarning bir qismi sifatida Kremlga Ukrainadagi inqirozni davom ettirgani uchun qo‘shimcha iqtisodiy xarajatlar yuklashiga qaratilgan”, dedi AQSH hukumati vakili.
Brifingda ishtirok etgan AQSH ma’muriyatining yana bir vakili Rossiya energetika sektorini cheklash maqsadida ilgari berilgan umumiy litsenziyalardan birining qo‘llanish doirasini qisqartilishini bildirdi. Mazkur litsenziya AQSH Moliya vazirligining 8L raqamli litsenziyasi. Bu G‘arb moliyaviy tizimiga Rossiya neft va gazi bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat beradi. Uning amaliyot muddati 2025 yilning 12 martiga qadar belgilangan.
Qayd etilishicha, bu sanksiyalar Rossiyaning ikki eng yirik neft kompaniyasi va 183 ta kemani qamrab oladi. Ular Rossiyaning energiya resurslarini tashishda ishtirok etadi. Choralar, shuningdek, Rossiya neft qazib olish maydonlarini qo‘llab-quvvatlovchi treyderlar va kompaniyalarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shaxsiy sanksiyalar esa Rossiyaning energiya sektori bo‘yicha bir qator rasmiylariga nisbatan ham kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Rossiya Federatsiyasining 11 jismoniy shaxsi, 3 banki va 29 kompaniyasiga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi