AQSH Rossiyani ham San-Fransiskodagi sammitga taklif qildi
Olam
−
07 noyabr 2023
14698AQSH ma’muriyati noyabr oyida San-Fransiskoda (Kaliforniya) bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (APEC) sammitiga barcha a’zo davlatlarini, shu jumladan Rossiyani ham taklif qildi. Bu haqda kecha, 6 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQSHning APEC’dagi yuqori martabali vakili Mett Myurrey ma’lum qildi.
"AQSH barcha ishtirokchi iqtisodlarni yetakchilar uchrashuviga taklif qildi", degan u Rossiya tomoni sammitga taklif qilingani haqidagi savolga javoban.
Myurreyning qo‘shimcha qilishicha, AQSH APEC ruhi va tamoyillariga hamda Amerika qonunlariga muvofiq mezbon sifatida harakat qilish niyatida.
“AQSH qonunlari va qoidalariga kelsak, bu sanksiyalarni hisobga olishni ham o‘z ichiga oladi. Biz bo‘lajak APEC sammitida boshqa tomonlarning tegishli vakilligini muhokama qildik”, degan Myurrey.
Qayd etish joizki, “The Washington Post” iyul oyida Amerika rasmiylariga tayanib, AQSH ma’muriyati Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni San-Fransiskodagi APEC sammitiga taklif qilmaslikka qaror qilganini yozgan. Gazetaning qo‘shimcha qilishicha, Oq uy Gonkong shtabi rahbari Jon Lining ham sammitdagi ishtirokini yoqlamagan. Vashington avvalroq unga va boshqa ba’zi Xitoy rasmiylariga qarshi sanksiyalar kiritgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu vaziyatni sharhlar ekan, Kreml Putinning APEC sammitiga taklifini kutmasligini aytgan. U Moskvaning San-Fransiskodagi APEC sammitidagi ishtiroki formati o‘z vaqtida ma’lum bo‘lishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, APEC sammiti 15-17 noyabr kunlari San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadi. APEC tarkibiga 19 ta davlat va 2 ta hudud kiradi. Ular orasida Avstraliya, Bruney, Indoneziya, Kanada, Malayziya, Yangi Zelandiya, Singapur, AQSH, Tailand, Filippin, Janubiy Koreya va Yaponiya, shuningdek, XXR (1991 yilda qo‘shilgan), Meksika va Papua-Yangi Gvineya (1993), Chili (1994), Rossiya, Vetnam va Peru (1998) ham bor. 1991 yilda Gonkong va Tayvan ham APEC’ga qo‘shilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ikki davlat rasmiylari noyabr oyida APEC sammiti bo‘lib o‘tishi kutilayotgan San-Fransiskoda Xitoy Raisi Si Szinpin va AQSH Prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi