AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kechiktirdi

Olam

image

Rossiyaga qarshi “halokatli” sanksiyalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasining ko‘rib chiqilishi AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchrashuvigacha kechiktirildi. Bu haqda AQSH Senatidagi respublikachilar yetakchisi Jon Tyun “Bloomberg”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Hozircha biz pauza tugmasini bosdik”, degan Tyun.

Gap 2025 yilning aprel oyida senatorlar Lindsi Grem va Richard Blumental tomonidan taklif qilingan loyiha haqida ketmoqda. Unda Rossiya Ukrainaga uzoq muddatli tinchlikka rozi bo‘lmagan taqdirda, Rossiya neft, gaz, uran va boshqa mahsulotlarini sotib oladigan davlatlardan importga 500 foizlik boj joriy etilishi nazarda tutilgan.

Senatorlar ushbu choralarni 2025 yilning iyun o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan G7 sammitigacha qabul qilishni rejalashtirishgan, biroq loyihaning ilgari surilishi Rossiya–Ukraina mojarosini hal etish bo‘yicha Trampning bayonotlari ortidan vaqtincha to‘xtatilgan.

Gremning so‘zlariga ko‘ra, uning “halokatli” sanksiyalar haqidagi loyihasini 100 senatorning 80 dan ortig‘i qo‘llab-quvvatlashga tayyor edi. Biroq 4 avgust kuni Senat ta’tilga chiqib, yangi sanksiyalarni joriy etish bo‘yicha yakuniy qarorni Trampning o‘ziga qoldirdi. Prezident sanksiyalarni farmon orqali joriy qilishi mumkin.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bunga javoban, Rossiya “anchadan beri juda ko‘p sanksiyalar ostida yashab kelayotganini“ va buning natijasida “immunitet” shakllanganini ta’kidladi.

Tramp va Putin uchrashuvi 

Joriy yilning 16 oktyabr kuni telefon orqali bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng, Putin va Tramp Budapeshtda uchrashishga kelishib oldi. Respublika partiyasi vakiliga ko‘ra, Trampning Putin bilan muzokaralari ikki hafta ichida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Peskov ham muzokaralar “haqiqatan ham ikki hafta ichida yoki biroz keyinroq bo‘lib o‘tishi mumkinligini” inkor etmagan.

Budapeshtdagi uchrashuvning asosiy mavzusi Ukrainadagi mojaroni uzoq muddatli hal etish yo‘llari bo‘lishi kutilmoqda. O‘tgan sammit natijasida tomonlar yakuniy kelishuvga erishmagan bo‘lsa-da, qisman taraqqiyot qayd etilgan va dialogni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing