AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish rejasini ishlab chiqmoqda

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiyaga nisbatan sanksion bosimni yumshatish bo‘yicha reja ishlab chiqmoqda. Bu ikki tomonlama munosabatlarni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida amalga oshirilmoqda. Bu haqda ismi oshkor etilmagan amerikalik amaldor hamda vaziyatdan xabardor manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Agentlik manbalarining ta’kidlashicha, Oq uy AQSH Davlat departamenti va Moliya vazirligiga qaysi sanksion cheklovlarni yumshatish mumkinligini aniqlash bo‘yicha ro‘yxat tayyorlashni topshirgan. Ushbu ro‘yxat yaqin vaqt ichida Rossiya tomoni bilan muhokama qilinishi va ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik hamda iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga qaratilgan muzokaralar doirasida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, AQSH ayrim rossiyalik yuridik va jismoniy shaxslarga, jumladan, ba’zi oligarxlarga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Biroq Vashington bu qadam evaziga Moskvadan qanday imtiyozlar talab qilishi mumkinligi hozircha aniq emas.

Nashr manbalarining ma’lum qilishicha, Oq uy Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha mumkin bo‘lgan variantlarni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqni Tramp Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha favqulodda holat rejimini uzaytirishidan oldin bergan. Mazkur rejim Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harakatlarida ishtirok etgan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan cheklovlar joriy etishni nazarda tutadi. Bu sanksiyalar ilk bor 2014 yilning mart oyida Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng Barak Obama ma’muriyati tomonidan kiritilgan bo‘lib, keyinchalik Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida ham bir necha bor kengaytirilgan.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent joriy yilning 20 fevral kuni “Bloomberg” nashriga bergan intervyusida Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish istiqbollari uning Ukrainadagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardagi pozitsiyasiga bog‘liqligini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning xalqaro iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev AQSH bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga tayyor ekanini bildirgan. Bundan tashqari, Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya katta hajmdagi nodir metallar zaxiralariga ega ekani va ularning qazib olinishi bo‘yicha AQSH bilan kelishuvlarni muhokama qilishga tayyorligini ma’lum qilgan. 

Nashrga ko‘ra, bu bayonotlar Vladimir Putin AQSH bilan iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirganidan keyin yangragan. Biroq bunday hamkorlikning amalga oshishi Vashingtondan mavjud cheklovlarni yumshatishni talab qiladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tramp AQSHning Kiyevga ko‘rsatayotgan katta hajmdagi harbiy va moliyaviy yordamini qoplash maqsadida Ukraina bilan foydali qazilmalar qazib olish bo‘yicha bitim tuzishga intilgan edi. Oq uy bayonotiga ko‘ra, ushbu loyiha Ukraina hududida joylashgan yirik litiy va nodir metallar konlariga asoslangan bo‘lishi mumkin edi. Biroq Donald Tramp va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro sababli ushbu kelishuv imzolanmagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing