AQSH Rossiyada qamalgan basketbolchini qaytarish uchun kurashadi – Xarris
Sport
−
11 iyul 2022
6215Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanayotgan amerikalik basketbolchi Brittni Grayner tezroq qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi. Bu haqda AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris SBS telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Biz Graynerni tezroq uyga qaytarish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, degan Kamala Xarris.
Graynerni Amerikadagi rus mahbuslaridan biriga almashtirish mumkinmi qabilidagi savolga javoban Xarris xonim bu boradagi tafsilotlarni ochiqlay olmasligini ta’kidlagan.
“Biz buni juda jiddiy qabul qilamiz, buni aniq aytdik. Brittni Grayner va boshqa mamlakatlarda noqonuniy hibsga olingan amerikaliklarning qaytishi biz uchun eng muhim vazifadir. Men sizlar bilan bu borada (Graynerni Amerikadagi mahbuslardan biriga almashtirish) gaplasha olmayman. Hozircha, tafsilotlar parda ortida qolgani ma’qul. Lekin men sizga shuni ayta olamanki, chet mamlakatlarda qamoqda saqlanayotgan amerikaliklarni ortga qaytarish eng muhim maqsadlarimizdan biridir”, degan vitse-prezident.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 iyul kuni Brittni Grayner yordam so‘rab, Prezident Jo Baydenga maktub yozgandi. Shundan so‘ng, Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per Prezidentga basketbolchi tomonidan yozilgan maktubni o‘qib berganini ma’lum qildi. Qolaversa, AQSH Prezidenti sportchining turmush o‘rtog‘i bilan bilan suhbatlashib, Brittnini uyiga qaytarish uchun bor imkoniyatidan foydalanayotganini aytdi. Mana shu voqealarning fonida o‘tkazilgan ikkinchi sud majlisida amerikalik basketbolchi o‘z aybiga iqror bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Brittni basketbol bo‘yicha AQSH ayollar terma jamoasi bilan birgalikda ikki karra Olimpiya chempioni bo‘lgan. U 2015 yildan beri Rossiyaning AGMK basketbol klubida faoliyat yuritib kelayotgandi. Shuningdek, Grayner WNBA'ning eng kuchli 25 basketbolchisi ro‘yxatiga kiritilgan.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi