Moskvada qamalgan sportchining “nolalari” Jo Baydenga yetib bordi

Sport

image

Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per AQSH Prezidenti Jo Baydenga Rossiyada hibsga olingan basketbolchi Brittni Graynerning maktubini o‘qib berganini ma’lum qildi. Bu haqda CNN telekanalida xabar berildi.

“Biz Graynerni uyga qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, degan Oq uy matbuot kotibi.

AQSH Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili Edrienn Uotsonning so‘zlariga qaraganda, Jo Bayden chet mamlakatlarda garovga olingan yoki noqonuniy qamoqqa hukm qilingan Amerika fuqarolari ozod qilinishi kerakligini ta’kidlagan.

“Prezident Bayden xorijda garovga olingan yoki noqonuniy hibsda saqlanayotgan barcha AQSH fuqarolari, jumladan Brittni Grayner ham ozod etilishi kerakligini aytdi. AQSH hukumati Graynerni uyiga olib kelish uchun barcha mavjud vositalardan foydalangan holda faol ishlashda davom etmoqda.

Prezidentning jamoasi Brittni oilasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Vakillarimiz so‘nggi haftalarda Brittnining turmush o‘rtog‘i bilan bir necha bor gaplashdi. Oq uyning garovga olinganlar bo‘yicha maxsus vakili Brittni oilasi, jamoadoshlari va uni qo‘llab-quvvatlovchilar bilan uchrashgan. Ular bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan”, degan Milliy xavfsizlik kengashining rasmiy vakili.

Eslatib o‘tamiz, 4 iyul, AQSH Mustaqillik kunida Brittni Grayner Prezident Jo Baydenga maktub yo‘llab, qamoqdan ozod qilinishi uchun yordam so‘ragan edi.

Qayd etish joizki, joriy yilning 1 iyul kuni Grayner ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud zalida AQSH elchixonasi xodimlari ham bo‘lgan. Prokuror ayblov xulosasini o‘qib eshittirgan va ikki guvoh so‘roq qilingan. Shundan so‘ng, sud majlisi 7 iyulga qoldirilgan.

Basketbolchi joriy yilning 17 fevral kuni “Sheremetevo” aeroportida qo‘lga olingan. U giyohvand moddalar kontrabandasida (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 229.1-moddasi 2-qismi) va ularni noqonuniy tashishda (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi) ayblanmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, Brittni basketbol bo‘yicha AQSH ayollar terma jamoasi bilan birgalikda ikki karra Olimpiya chempioni hisoblanadi. U 2015 yildan beri Rossiyaning UGMK basketbol klubida faoliyat yuritib keladi. Shuningdek, Grayner WNBA'ning eng kuchli 25 basketbolchisi ro‘yxatiga kiritilgan.

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

362

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing