AQSH Rossiya yaqinida harbiy ishtirokini kuchaytiryapti
Olam
−
06 avgust 7529 2 daqiqa
AQSH yilning ikkinchi yarmida Finlyandiyada harbiy ishtirokini kuchaytirishni, bu mamlakatda va Boltiqbo‘yi mintaqasida mashg‘ulotlarda faol ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Finlyandiya Mudofaa kuchlari xabar berdi.
“Qo‘shma Shtatlarning Finlyandiyaning turli hududlarida va Boltiqbo‘yi mintaqasida harbiy ishtiroki hamda mashg‘ulotlari mavjud rejalar doirasiga kiritilgan. Bu Finlyandiya hamda Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bir qismidir. Maqsad – jangovar tayyorgarlikni oshirish, operativ o‘zaro muvofiqlikni mustahkamlash va mintaqaviy xavfsizlikka hissa qo‘shish”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, rasmiylar buni xavfsizlik muhitida hamkorlik zarurati bilan izohlagan.
“Qo‘shma Shtatlarning ishtiroki ikki tomonlama hamkorlikning chuqurlashib borayotganidan va AQSHning Finlyandiya hamda Boltiqbo‘yi mintaqasiga sodiqligidan dalolatdir”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning iyul oyi o‘rtalaridayoq AQSH dengiz piyodalari Finlyandiyaga yetib borgan va harbiy ishtirok kuchaytirilgandi. Ular qirg‘oq brigadasida joylashtirilgan bo‘lib, mamlakatda taxminan bir oy davomida xizmat qiladi. AQSH askarlari, shuningdek, “Kariliya” brigadasiga ham yetib borgan. Ular Finlyandiya harbiy xizmatchilariga AQSH texnikasi bilan ishlash va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
AQSH harbiylarining ishtirokidagi qo‘shimcha tadbirlar yilning qolgan qismida butun Finlyandiya bo‘ylab rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili kuchga kirgan AQSH–Finlyandiya o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlik haqidagi bitim AQSH harbiylarining Finlyandiyada bo‘lishi va mashg‘ulotlar o‘tkazishiga ruxsat beradi. Ikki tomonlama faoliyat ushbu kelishuv asosida va o‘zaro kelishuv bilan amalga oshiriladi.
Live
Barchasi