AQSH Rossiya ortidan qirg‘iz bankiga ham sanksiya kiritdi

Olam

image

Kecha, 15 yanvar kuni AQSH Moliya vazirligi Qirg‘izistonning “Keremet Bank”iga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kamida 2024 yilning yozidan beri bu bank o‘z faoliyatini Rossiya mansabdor shaxslari va “Promsvyazbank” bilan muvofiqlashtirgan. Sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemasi doirasida “Keremet Bank” “Promsvyazbank” nomidan transchegaraviy pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan. Ikkinchi bank Rossiyaning mudofaa sektorida ishlayotgani sababli 2022 yilda unga qarshi sanksiyalar joriy qilingandi. 

“Bank Rossiya harbiy-sanoat bazasi korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab dollar ajratgan”, deydi AQSH Moliya vazirligi.

2024 yilda Qirg‘iziston Moliya vazirligi “Keremet Bank”ning nazorat paketini “Rossiya hukumati bilan aloqador bo‘lgan rus oligarxiga yaqin” firmaga sotgan. Ammo vazirlik firma nomini ma’lum qilmagan. Amerika idorasi ta’kidlashicha, “Keremet Bank”ni sotib olish Rossiya uchun sanksiyalarni chetlab o‘tish va import-eksport to‘lovlarini amalga oshirishda maxsus markaz tashkil etish maqsadida amalga oshirilgan.

Ma’lumot uchun, AQSH Davlat departamenti 150 dan ortiq yuridik va jismoniy shaxslarga, jumladan, Rossiya mudofaa sanoatining keng doirasidagi kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etmoqda. Yangi cheklovlar jami 15 ta moliyaviy tashkilot va 1 ta jismoniy shaxsni qamrab olgan. Ular Rossiya harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlash uchun sanksiyalarni chetlab o‘tishda ayblanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jo Bayden boshchiligidagi AQSH ma’muriyati Rossiyaning energetika sektorini nishonga olgan yangi va jiddiy sanksiyalar paketini joriy etgandi. Bildirilishicha, bu cheklovlar hozirgacha Rossiyaning energetika sohasiga qaratilgan eng kuchli sanksiyalari hisoblanadi. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing