AQSH Rossiya bayrog‘i ostidagi kemani ushladi

Olam

image

AQSH Venesuelaga aloqasi bo‘lgan Marinera nomli neft tankerining qo‘lga olinganini e’lon qildi. Ushbu tanker Atlantika okeani bo‘ylab ikki haftadan ortiq davom etgan qidiruvdan so‘ng nomini o‘zgartirgan va Rossiya bayrog‘i bilan niqoblangan. Bu haqda  BBC xabar berdi.

Bella 1 (Marinera) nomi bilan tanilgan tanker Shimoliy Atlantika hududida AQSH federal sudi bergan order asosida qo‘lga olingan. Uni AQSH Sohil qo‘riqlash xizmati kemasi – USCGC Munro kuzatib borgan.

Xabarda aytilishicha, tankerning qo‘lga olinishi AQSH Adliya vazirligi, Ichki xavfsizlik vazirligi hamda Mudofaa vazirligi bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgan.

“AQSH Prezidenti farmoniga muvofiq, Amerika sanksiyalari ostidagi hamda G‘arbiy yarimsharning xavfsizligi va barqarorligiga tahdid soluvchi kemalarga qarshi choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, AQSH Janubiy qo‘mondonligi Karib dengizi hududida “soya floti”ga mansub yana bir tanker – Sophia qo‘lga olinganini bildirdi.

Harbiylarning aytishicha, bu kema ham AQSHning “qora ro‘yxati”ga tushgan.

Qayd etish joiz, so‘nggi kunlarda G‘arb OAVlarida AQSH Rossiya bayrog‘i ostida harakatlangan Marinera tankerini qo‘lga olishni boshlagani haqida xabarlar sizdirilgandi.

Gayana bayrog‘idan Rossiya bayrog‘iga o‘tgan ushbu tanker Prezident Tramp Venesuelaga bosimni boshlaganidan keyin AQSH Sohil qo‘riqlash xizmati tomonidan to‘xtatilishga uringan kemalardan biri sanaladi.
Rossiya Transport vazirligi Marinera tankerining qo‘lga olinishi yuzasidan bayonot berib, AQSH harakatlarini noqonuniy deb atagan.

“1982 yilgi BMTning Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq, ochiq dengizda kemalar erkin suzish huquqiga ega. Hech bir davlat boshqa davlat yurisdiksiyasida ro‘yxatdan o‘tgan kemalarga nisbatan kuch ishlatishga haqli emas”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, tanker 2025 yil 24 dekabrda Rossiya davlat bayrog‘i ostida vaqtinchalik suzish ruxsatini olgan.

Shundan so‘ng, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Marinera tankerida Rossiya fuqarolari borligini ma’lum qilib, AQSHni ularning vataniga qaytishiga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirgan. Moskva, shuningdek, amerikaliklardan rossiyaliklarga insoniy munosabatda bo‘lishni talab qildi.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda Marinera tankerini qo‘lga olishga ruxsat bergan sud qarori uning ekipajiga ham taalluqli ekani, ya’ni ular AQSHga olib borilishi va javobgarlikka tortishi mumkinligini aytdi.

“The Wall Street Journal” nashri noma’lum AQSH rasmiy manbasiga tayanib yozishicha, Moskva Marinera tankeriga harbiy-dengiz floti vositalari, jumladan sinfi oshkor qilinmagan suvosti kemasini ham yuborgan.

AQSH ma’lumotiga ko‘ra, yuk tashimagan tanker avvalroq Venesuela neftini tashish uchun ishlatilgan va 6 yanvar kuni Shotlandiya bilan Islandiya o‘rtasida suzib yurgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya hukumati AQSHga diplomatik so‘rov yuborib, Erondan Venesuelaga yo‘l olgan Bella 1 neft tankerini qo‘lga olishga urinishlarni to‘xtatishni talab qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Marinera Bella 1

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing