AQSH razvedkasi rahbari yashirincha Moskvaga bordi
Olam
−
09:04 2216 2 daqiqa
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) direktori Jon Retkliff Rossiya poytaxti Moskvaga e’lon qilinmagan muzokaralar uchun bordi. Bu haqda BBC’ning AQSHdagi hamkori CBS xabar berdi.
Retkliff kecha, 25 avgust kuni Moskvaga yetib borgani aytilmoqda. AQSH va Rossiya rasmiylari tashrifning maqsadi yoki u kim bilan uchrashgani haqida ma’lumot bermagan.
Parvozlarni kuzatish ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH harbiylariga tegishli C-17 rusumli yirik transport samolyoti 25 avgust kuni Latviya orqali Moskvaga uchgan. Samolyot Moskvadagi Vnukovo aeroportiga taxminan 07:04 GMT da qo‘ngan va 17:00 GMT atrofida Rigaga qaytib kelgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva ko‘chalarida diplomatik kortej harakatlangani aks etgan videolar ham tarqalgan. AQSH tomoni Ukrainaga Moskvaga yuqori martabali delegatsiya borishi haqida ma’lum qilgan va delegatsiya Rossiyadan chiqib ketguncha Kiyevdan zarbalarni to‘xtatib turishni so‘ragan, deb xabar bergan CBS’ga ukrainalik yuqori lavozimli amaldor.
Bu Retkliffning CIA direktori sifatida Rossiyaga birinchi tashrifi bo‘lishi mumkin. Buyuk Britaniyaning 2019-2022 yillarda Moskvadagi harbiy attashesi bo‘lgan Jon Forman tashrif eskalatsiyani boshqarish masalalariga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, AQSH odatda yuqori martabali amaldorni qisqa vaqt ichida va oldindan e’lon qilmasdan Moskvaga yubormaydi. Forman muzokaralarda Rossiyada saqlanayotgan AQSH fuqarolarini ozod qilish masalasi ham ko‘tarilishi mumkinligini istisno qilmagan.
Qayd etilishicha, Retkliff Rossiyada qamalgan Rossiya-Amerika fuqarosi Kseniya Karelinani ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etgan. CIA 2024 yilda Rossiya va AQSH o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvida ham ishtirok etgan. O‘sha kelishuv doirasida “The Wall Street Journal” muxbiri Evan Gershkovich va sobiq amerikalik dengiz piyodasi Pol Uilan ozod qilingan.
Ma’lumot uchun, AQSH va Rossiya munosabatlari Moskva 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan beri keskinlashgan. Prezident Donald Trampning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Alyaskadagi uchrashuvi hamda keyingi tinchlik muzokaralari hozircha sezilarli natija bermagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 15 avgust sanasida AQSH Prezidenti Donald Tramp va Vladimir Putin Alyaskada uchrashuv o‘tkazishgandi.