AQSH razvedkasi koronavirusning kelib chiqishini o‘rganish natijasini ma’lum qildi
Olam
−
23 aprel 2020
21330AQSH Davlat Departamentining Razvedka va tadqiqotlar byurosida SARS-CoV-2 koronavirusining sun’iy ravishda kelib chiqishi to‘g‘risida dalillar topa olmadi. Bu haqda kecha, 22 aprel kuni AQSH Davlat kotibining yordamchisi, razvedka boshqarmasi boshlig‘i Ellen Makkarti ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Razvedka va tadqiqotlar byurosi sun’iy virus yaratilishining versiyasini tekshirish uchun ko‘p kuch sarfladi. Shu jumladan, uning genetik ketma-ketligini o‘rganib chiqdi. Ammo hech qanday dalil topmadi.
“Hozirda virus genetik jihatdan yaratilgan yoki boshqa usulda kashf qilinganligi haqida hech qanday dalil yo‘q“, deydi Makkarti.
Uning qo‘shimcha qilishicha, razvedkada “nol bemor“ qayerda va infeksiya qayerdan tarqalgani haqida ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, amerikalik jurnalistlar koronavirus Uxandagi laboratoriyada ishlab chiqilgani va uning birinchi bemori ushbu laboratoriya xodimi ekanligini ta’kidlashgandi. So‘ngra uxanlik professor ushbu virusni laboratoriyada yaratib bo‘lmasligi haqida ma’lum qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirus bilan bog‘liq 2 627 630 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 711 144 nafari sog‘aygan, 183 336 nafari esa vafot etgan.
LiveBarchasi