AQSH Putin va Szinpinning yordamidan umid qilyapti
Olam
−
04 noyabr 2022
14231AQSH Xitoy va Rossiyadan mumkin bo‘lgan yadro sinovining oldini olish uchun Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR)ga ta’sir o‘tkazishini xohlaydi. Bu haqda “Reuters” bugun, 4 noyabr kuni AQSHning yuqori martabali mulozimiga tayanib xabar berdi.
“Rossiya va Xitoyning xatti-harakatlari ularga [KXDR] ta’sir qiladi, deb hisoblayman. Xitoy va Rossiya uzoq vaqtdan beri Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturiga qarshi. Biz ishonamiz va albatta kutamiz, ular o‘z ta’siridan foydalanib, KXDRni yadroviy sinov o‘tkazmaslikka ishontirishga harakat qilishadi”, deydi rasmiy.
Shuningdek, u AQSH rasmiylarida KXDR qachon yadroviy sinovlar o‘tkazishi mumkinligi haqida aniq jadval yo‘qligini ta’kidladi.
AQSHning yuqori martabali mulozimi bu bayonotni AQSH Shimoliy Koreyaning raketa uchirilishi munosabati bilan 4 noyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini talab qilganidan keyin aytdi.
26 may kuni Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik kengashida 24 mart kuni KXDRda qit’alararo ballistik raketa uchirilishini qoralovchi AQSH rezolyutsiyasi loyihasiga ovoz berishda veto huquqidan foydalangan edi. Loyiha sanksiyalarni kuchaytirish va bu mamlakatga xom neft va qayta ishlangan mahsulotlar yetkazib berishni qisqartirishni nazarda tutgan.
So‘nggi kunlarda KXDR 31 oktyabr kuni boshlangan, 240 ga yaqin samolyot ishtirokida so‘nggi besh yildagi eng yirik Vigilant Storm – AQSH va Janubiy Koreya qo‘shma mashg‘ulotlari fonida raketa uchirishlarini keskin oshirdi. Kecha, 3 noyabr kuni Shimoliy Koreya yana uch raketa uchirganidan so‘ng, Vashington va Seul 4 noyabrda tugashi kerak bo‘lgan manyovrlar jadvalini uzaytirishga qaror qildi.
LiveBarchasi