AQSH prezidentligiga yana bir da’vogar qachon saylovoldi kampaniyasini boshlashini e’lon qildi

Olam

image

AQSHning Florida shtati gubernatori Ron Decantis iyun oyiga qadar navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “The Washington Post” o‘z manbalariga tayanib, xabar berdi.

Gazetaga ko‘ra, shu va keyingi hafta davomida Decantis o‘nlab homiylar bilan uchrashishni rejalashtirgan.

“Bu gubernatorga ular bilan shaxsiy munosabatlarni mustahkamlash va saylovoldi shtabini tuzish imkoniyatini beradi”, deya ta’kidlagan nashr suhbatdoshlari.

Avvalroq NBC telekanali Desantis 11 maydayoq o‘z saylovoldi kampaniyasi boshlanganini e’lon qilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

NBC so‘roviga ko‘ra, agar praymerizlar hozir o‘tkazilsa, respublikachi saylovchilarning kamida 31 foizi DeSantis nomzodini qo‘llab-quvvatlardi. Shu bilan birga, 46 foiz saylovchi esa AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampning 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda eng yuqori hukumat lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatilishini qo‘llab-quvvatlagan.

Ma’lumot o‘rnida, Ronald Desantis 1978 yil 14 sentyabr kuni Florida shtatida tug‘ilgan. Respublikachi siyosatchi 2013 yildan 2018 yilgacha Vakillar palatasi a’zosi, 2019 yil 8 yanvardan esa Florida gubernatori bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSHda 2024 yilning noyabriga prezidentlik saylovi bo‘lishi belgilangan. Oq uyning sobiq rahbari Donald Tramp o‘z nomzodini 2022 yil noyabrida e’lon qildi. AQSHning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli ham Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurashayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, AQSHning 35-prezidenti Jon Kennedining jiyani, huquqshunos va siyosatchi kichik Robert Kennedi 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida demokratlar partiyasidan o‘z nomzodini ko‘rsatishini aytdi. Respublikachilardan Florida gubernatori Ron Desantis, sobiq vitse-prezident Mayk Pens, Demokratlardan esa vitse-prezident Kamola Xarris, transport kotibi Pit Buttijich, senator Berni Sanderslar ham prezidentlik saylovida qatnashishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh saylov Ron Decantis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing