AQSH poytaxtida namoyish: olomon Isroil borasida Baydenga jiddiy talablar qo‘ydi

Olam

image
Isroilni xalqaro darajada javobgarlikka tortish yo‘lida muhim qadam qo‘yildi — Turkiya  north_east

Isroilni xalqaro darajada javobgarlikka tortish yo‘lida muhim qadam qo‘yildi — Turkiya 

Kecha, 29 may kuni 100 dan ortiq Amerika tashkilotlaridan 2 mingga yaqin kishi AQSH poytaxti Vashington markazida Falastin uchun Milliy yurishga yig‘ildi. 

Xabarlarga ko‘ra, olomon mamlakat poytaxtidagi Linkoln yodgorligi yonida to‘plangan. 

“Ayni vaqtda Amerikaning 100 dan ortiq tashkilotlaridan 2 mingga yaqin odam yig‘ildik. Falastinga qarshi harbiy harakatlar olib borgan Isroilga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishi uchun namoyishga chiqdik. Biz Falastinning erkinligi tarafdorimiz. Agar bulutli ob-havo bo‘lmaganida, menimcha ko‘proq namoyishchilar kelgan bo‘lar edi”, deydi “Falastin uchun Amerika musulmonlari” tashkiloti vakili. 

Avvalroq ushbu tashkilot AQSH Prezidenti Jo Baydendan Isroilga nisbatan sanksiyalar qo‘llashni talab qiluvchi petitsiya e’lon qilgandi. Ushbu petitsiya internetda tarqalib uni shu vaqtgacha 8 mingga yaqin foydalanuvchi imzolagan.

Shunday qilib, namoyishchilar AQSH hukumatidan quyidagilarni talab qilmoqda:

  • Isroil davlatiga qurol-yarog‘ yetkazib berishni taqiqlash; 
  • AQSH va Isroil o‘rtasida erkin savdo to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilish;
  • Isroil hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan aholini turar-joyidan mosuvo qilish faoliyatini to‘xtatish;
  • Falastin xalqiga qarshi olib borgan siyosati uchun Isroil hukumatini javobgarlikka tortish. 

Namoyish tashkilotchilariga ko‘ra, ushbu mitingda “Tinchlik uchun yahudiy ovozi” va “Yahudiylar falastinliklarning qaytish huquqi uchun” kabi tashkilot vakillari ham ishtirok etmoqda.

Isroil-Falastin mojarosining keskinlashishi

Joriy yilning 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinlik arablar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilingani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi. 

Shundan so‘ng, G‘azoni nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirdi: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni ushbu harakat Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. Vaqt o‘tishi va ikki o‘rtadagi ziddiyat ortib borishi bilan bu ssenariy ko‘p marta takrorlandi. HAMAS raketa uchiraverdi, Isroil uning katta qismini zararsizlantirib, qarshi hujum bilan javob qaytaraverdi.

Isroil sudining birgina qarori va masjidga qilingan hujum shunday shiddatli harbiy harakatlarni keltirib chiqardi. Oqibatda esa G‘azo sektorida yashovchi 126 arab halok bo‘ldi, 1000 ga yaqin jarohat oldi.

Xalqaro munosabat

Ta’kidlash joizki, xalqaro munosabatlarning ba’zi ishtirokchilari ushbu masalada faqat til uchida munosabat bildirgan bo‘lsa, boshqalari Isroilni hatto terrorda aybladi. 

Ayniqsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ushbu masalada faol: bir qator islomiy davlatlar rahbarlari bilan Isroilning xatti-harakatlarini muhokama qildi, Armanistonga qarshi urushda Turkiya Ozarbayjonni qanday qo‘llagan bo‘lsa, Isroilga qarshi kurashda Falastinni ham shunday qo‘llashini ma’lum qildi

Erdo‘g‘an Falastin davlatining inqroziga bugun to‘xtalayotgani yo‘q. U avvaldan jahon hamjamiyatining e’tiborini ushbu mavzuga qaratib kelgan. Jumladan, 2019 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Isroilning Falastinni butunlay egallab olayotgani, BMT esa bunga tomoshabin bo‘lib turganini qoraladi. O‘shanda Erdo‘g‘an minbarga Isroil va Falastin tuproqlari aks etgan xarita bilan chiqqan. Undagi to‘rt suratda 1948 yil – Isroil davlati tashkil topgandan buyon Falastin yerlarini qanchalik egallab borayotgani tasvirlangan edi.
 
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

Keyinchalik, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Isroilning Sharqiy Quddus va G‘azodagi so‘nggi hujumlariga munosabat bildirib, Misr va Iordaniyaning harakatsizligini tanqid qildi. U Isroil hukumatini “qonxo‘r sionist” deb atadi. Shuningdek, Eron HAMAS tashkilotini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Isroilning “tutingan akasi” AQSH esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. Xitoy esa bu vaziyatda Falastinning yonidan joy olishini e’lon qildi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga, O‘zbekiston esa ushbu masjid daxlsizligini ta’minlashga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

200

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing