AQSH MRB direktori yashirin ravishda Kiyevga kelgani ma’lum bo‘ldi. U nimani reja qilgan?
Olam
−
01 iyul 2023
8700AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns iyun oyida kutilmagan tashrif bilan Ukraina poytaxti Kiyevga borgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bernsning maxfiy safari chog‘ida ukrainalik rasmiylar unga Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni qaytarib olish hamda yil oxirigacha Moskva bilan o‘t ochishni to‘xtatish yuzasidan muzokaralar boshlash bo‘yicha rejalarini ochiqlagan.
MRB rahbarining oldindan e’lon qilinmagan tashrifi Prezident Vladimir Zelenskiy va Ukraina razvedka xizmatining yuqori mansabdorlari bilan uchrashuvlarni o‘z ichiga olgan. Ushbu tashrif Ukraina uzoq kutilgan qarshi hujumni boshlab, dastlabki natijalarga erishishga intilayotgan, biroq hozircha G‘arb tomonidan tayyorgarlik ko‘rsatilgan va kerakli jihozlar bilan ta’minlangan brigadalar hujum harakatlariga jalb qilinmagan bir paytda yuz berdi.
Bernsning Kiyevga kelganini “The Washington Post” nashriga ismi oshkor qilinmagan AQSH rasmiysi xabar bergan. Tashrifdan maqsad Bayden ma’muriyatining Ukrainani o‘zini himoya qilishi uchun razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlash bo‘yicha majburiyatini yana bir bor tasdiqlashdan iboratligi aytilgan.
Ukraina rasmiylari so‘nggi paytlarda tez-tez bildirilayotgan qarshi hujum kutilgan natijani bermayotgani haqidagi tanqidlarga qaramay, Bernsni qo‘yilgan rejalarning muvaffaqiyat qozonishiga ishontira olgan. Jumladan, Ukraina tomoni quyidagi rejalarni bayon qilgan:
- artilleriya va raketa tizimlarini Rossiya nazorati ostidagi Qrim chegarasi yaqiniga olib o‘tish;
- sharqiy Ukrainaga yanada ichkariroq kirib borish;
- o‘tgan yilning mart oyida to‘xtab qolganidan buyon birinchi marta Rossiya bilan ochiq muzokaralarga kirishish.
"Rossiya o‘zinining xavf ostidaligini his qilsagina muzokara olib boradi", deydi ukrainalik mansabdor.
Ukrainaning mazkur rejalari qisqa muddatda amalga oshadimi, yo‘qmi – hozircha aniq emas. Uilyam Berns qarshi hujumning istiqbollari haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgan.
MRB direktorining Ukrainaga tashrifi Rossiyada Prigojin isyoni yuz berishidan avval amalga oshirilgan. O‘sha vaqtda AQSH razvedkasi iyun o‘rtalarida Prigojin qandaydir qurolli harakatni rejalashtirayotganidan xabardor bo‘lgan. Ammo ushbu xulosalar Zelenskiy va Ukraina rasmiylari bilan uchrashuvda muhokama qilinmagan.
Prigojin isyonidan keyin Berns rossiyalik hamkasbi Sergey Narishkinga qo‘ng‘iroq qilib, AQSHning bunga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy qarshi hujum kutilganidek tez bormayotganini tan olgandi. Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov esa tanqidlarni rad etib, asosiy voqea hali oldinda ekanini aytgandi.
LiveBarchasi