AQSH Markaziy Osiyo mamlakatlari suverenitetini mustahkamlash niyatida – Davlat departamenti

Olam 7245
image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga umid qilmoqda va ularning suvereniteti va iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishni qo‘llab-quvvatlash niyatida. Bu haqda Ashxobodda bo‘lib o‘tgan brifingda AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisining birinchi o‘rinbosari Din Tompson ma’lum qildi.  

“Biz Markaziy Osiyodagi hamkorlar bilan ushbu murakkab, tarixiy davrda turli muhim masalalar bo‘yicha hamkorlikda ish olib borishga umid qilamiz. Bu ishda Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlarini mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitligini mustahkamlash, ulkan iqtisodiy va tijorat salohiyatini ro‘yobga chiqarishda qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan”, degan u. 

Tompsonning aytishicha, u Toshkentga kelishni ham rejalashtirgan, ta’kidlanishicha, bundan tashqari, shu hafta AQSH Davlat kotibi yordamchisi Donald Lu Markaziy Osiyoga tashrif buyuradi. 

“Bizning birgalikdagi bu sa’y-harakatlarimiz Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni davom ettirishga qaratilgan”, deya qo‘shimcha qilgan Tompson. 

Ma’lumot o‘rnida, kecha, 16 may kuni Tompson Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvda tomonlar Turkmaniston chegaralari xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish va iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 272
Reyting: 3.1
t
×