AQSH Kubani terrorchilar homiylari guruhiga kiritishi mumkin
Olam
−
30 dekabr 2020
3212AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo Kubani xalqaro terroristik guruhlarni qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar ro‘yxatiga kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Bu haqda kecha, 29 dekabr kuni “The New York Times” xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Davlat departamenti rasmiylari taklifni tayyorlagan va bu ro‘yxatga Kubani kiritish kerak. Pompeo rejani tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. Uning qanday qarorga kelishi hozircha aniq emas.
Qayd etilishicha, ushbu qadam Kuba Hukumatiga qarshi avtomatik ravishda AQSH sanksiyalarini joriy etishga olib keladi va Amerikaning saylangan Prezidenti Jozef Baydenning Respublika bilan munosabatlarini normallashtirishini qiyinlashtiradi. Demokratning inauguratsiyasi 2021 yil 20 yanvarga belgilangan. Bayden o‘z lavozimiga kelganidan so‘ng Kubani belgilangan ro‘yxatdan chiqarishi mumkin, ammo bungacha ushbu ro‘yxatni qayta ko‘rib chiqish jarayoni bo‘lib o‘tishi kerak. Bu jarayon bir necha oy davom etishi mumkin.
Oq uy va Davlat departamenti nashrdagi gaplarni tasdiqlamagan. Hozirda Vashington Eron, Shimoliy Koreya va Suriyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritgan.
Qo‘shma Shtatlar 1961 yilda orolda Amerika mulkini milliylashtirishga javoban Kuba bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Shundan so‘ng, Vashington mamlakatga qarshi savdo-iqtisodiy embargo qo‘yilishini e’lon qildi. 2014 yil dekabrda, o‘sha paytdagi AQSH Prezidenti Barak Obama Vashingtonning Gavanaga nisbatan ilgari olib borgan siyosati samara bermaganini tan oldi va ikki tomonlama aloqalarni normallashtirish va Kubaga qarshi sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha harakat boshlanganini e’lon qildi. 2015 yilda Obama ma’muriyati Kubani AQSHning terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarilishini e’lon qildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqinlashish respublikachi Donald Tramp 2017 yil yanvarida AQSH boshqaruvini qabul qilib olganidan keyin to‘xtab qoldi. U fuqarolarning Vespublikaga sayohat qilish qoidalarini qat’iylashtirdi va Kuba harbiylari tomonidan nazorat qilinadigan tashkilotlar bilan biznes yuritishni taqiqladi.
LiveBarchasi