AQSH kompaniyasi O‘zbekistondagi loyihalarga 10 mlrd dollar sarmoya kiritadi
Jamiyat
−
19 Sentabr 2023
4576O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga amaliy tashrifi davomida “Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi, prezidenti va bosh ijrochi direktori Seyfi Gasemi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda AQSH Davlat kotibining energetika masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jeffri Payett ham ishtirok etgan.
AQSHning yetakchi kompaniyasi bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalari, joriy loyihalarning borishi va istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalar ko‘rib chiqilgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda “Air Products” tomonidan “Uzbekistan GTL”da sanoat gazlarini qayta ishlash, “Navoiyazot” negizida sintez-gaz, kislorod va azot, suyultirilgan karbonat angidrid ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi ikki yilda ushbu loyihalarning davomi sifatida kompaniyaning 1 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari jalb qilingan.
Suhbatda ko‘mirni gazlashtirish, texnik gazlar, vodorod va ammoniy ishlab chiqarish hamda achchiq gazlarni utilizatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqilgan. “Air Products” ekspertlari karbonsizlashtirish sohasida zarur normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishda ham qatnashadi.
Bundan tashqari, loyihalar portfelidan oziq-ovqat sanoatiga innovatsion ishlanmalarni joriy qilish o‘rin olgan.
Uchrashuv yakunida “Air Products” kompaniyasining O‘zbekiston uchun qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi investitsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar almashilgan.
“O‘zbekiston-AQSH ko‘p qirrali hamkorligini kengaytirishga qo‘shgan hissasi va mamlakatimizdagi ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Air Products” boshqaruvi raisi Seyfi Gasemiga shaxsan yuksak davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi”, deyiladi davlat rahbarining matbuot xizmati xabarida.